Toshkent xalqaro aeroportida yiliga qariyb 120 ming tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega yangi majmua 5,2 gektar maydonda joylashtiriladi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladigan yuk terminalini loyihalash ishlari yakunlandi.

uzbekistan airports, аэропорт, yuk terminali

Birinchi bosqichda 2024-yil oxiriga qadar umumiy maydoni 8 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi yuk terminali, jumladan, ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan yuklar uchun 500 kv.m. maydonda muzlatkich kameralari foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, import/eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlari va vakillari uchun maydoni 3000 kv.m. bo‘lgan yangi ma’muriy bino quriladi.

Ikkinchi bosqichda 2025-yil oxiriga qadar 12 ming kv.m. maydonga ega yangi yuk omborini qurish va foydalanishga topshirish, shu jumladan, umumiy maydoni 1000 kv.m. bo‘lgan har xil harorat sharoitlariga ega yangi zamonaviy sovitish va muzlatish xonalarini qurish rejalashtirilgan.

uzbekistan airports, аэропорт, yuk terminali

“Hozirda 1994−2000-yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni 3 gektarga yaqin bo‘lgan 20 ga yaqin eskirgan kichik va o‘rta ombor va ma’muriy binolardan iborat. Yuk terminalining o‘tkazish quvvati hozirda yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. Biroq 2024-yilda taxminan 67 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalari kutilmoqda. Bularning barchasi yuk terminalini kengaytirish va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat beradi. Yangi terminal zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, bu esa yuklarga ishlov berish vaqtini qisqartiradi va havo tashuvchilarga umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi”, — deya ta’kidladi Uzbekistan Airports Cargo.

uzbekistan airports, аэропорт, yuk terminali

Avvalroq Toshkent xalqaro aeroporti negizida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilayotgani, natijada xizmat ko‘rsatish quvvati sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnaga yetishi haqida xabar bergandik. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, hozirgi terminal sifatli va vaqtida xizmat ko‘rsatish imkonini bermayapti.