1966-yil 26-aprel kuni Toshkentda zilzila yuz berdi. Kuchi 8 ballgacha yetgan yerosti silkinishlari 300 mingdan ortiq odamni boshpanasiz qoldirib, bir necha o‘nlab jamoat binolarini vayron qildi. Ular orasida 1870-yilda tashkil etilgan Toshkent xalq kutubxonasi ham bor edi. Uning kitob fondi qo‘lyozmalar, bosma nashrlar va badiiy asarlarning O‘zbekistondagi eng katta jamlanmasini o‘z ichiga olardi.

Kutubxona rahbariyati o‘z xodimlariga yarim-vayrona binoga kirishni taqiqlaganiga qaramay, bu taqiq Yekaterina Kitkovichni to‘xtata olmagan. Nodir va qadimiy nashrlar shu’basining bosh kutubxonachisi tilxat yozib, kitoblarni vayronalar ostidan olib chiqishdek qat’iy niyat bilan ishga kirishgan. Bu ayolning “Toshkentdagi ofat va jasorat” kitobida keltirilgan hikoyasini o‘lkashunos Rustam Husanov Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi. Aynan Rustam Husanovning yordami bilan “Gazeta.uz” muxbiri Farzona Hamidova Yekaterina Kitkovichning qizi — Natalya Manina bilan bog‘lanib, onasi hamda uning kutubxona va kitoblarga bo‘lgan muhabbati haqidagi xotiralarini yozib oldi.

1966-yilning 26-apreli tongini Yekaterina Kitkovich va Nikolay Maninlar oilasi o‘z uyining hovlisida kutib olgan — kuchli davomiy silkinish va baland shovqin ularni zudlik bilan o‘rinlaridan turib, yalangoyoq ko‘chaga otilib chiqishga majbur qilgandi. Osmon qizg‘ish rangga kirgan, chang to‘zon ko‘tarilib, atrofda paxsa uylarning vayronalari ko‘rinardi.

“Kolya, urush boshlandi!”, — deb baqirib yuborgan Yekaterina Nikolayevna eriga qarab.

Toshkent xalq kutubxonasi. Foto: “Pisma o Tashkente”Toshkent xalq kutubxonasi. Foto: “Pisma o Tashkente”

Er-xotin bir-birlari bilan Ikkinchi Jahon urushida evakuatsiya qilinganidan so‘ng, Toshkentda tanishgan edi. Ularning hayot yo‘llari Toshkent xalq kutubxonasida — 1946-yili 17 yoshli Yekaterina e’lon bo‘yicha ishga kirganidan so‘ng kesishgan.

“Otam uzoq vaqt onam bilan birga ishlagan. Ular turli bo‘limlarda ishlashgan, ammo yig‘ilishlar va katta kutubxonachilar tomonidan o‘tkazib turiladigan maslahat majlislarida ko‘rishib turishgan. Ota-onam uyda kitoblarning kelishi, yangi o‘quv zallarini ochish va bo‘limlarni qurish haqida ko‘p gaplashishardi”, — deya eslaydi Natalya Manina.

Yekaterina Kitkovich (qo‘lida kitob bilan). Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Yekaterina Kitkovich (qo‘lida kitob bilan). Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Yekaterina Kitkovichning mehnat faoliyati kitob tashishdan boshlangan. Engels nomli Toshkent chet tillar pedagogika institutini (hozirgi O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti)ni tamomlagach, uni chet el adabiyoti shu’basiga katta kutubxonachi etib tayinlashgan. Yillar davomida uning lavozimlari o‘zgarib borgan, ammo ishga nisbatan fidoyilik va muhabbat o‘zgarmadi.

Mutolaa zali. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Mutolaa zali. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

1950-yillar oxiri — 1960-yillar boshida Toshkent xalq kutubxonasi minglab odamlarni o‘ziga chorlovchi bir markaz edi. Bu yerda shug‘ullangani oddiy o‘quvchi va talabalar ham, taniqli professorlar, olimlar, tarixchilar, san’atshunoslar, filologlar, tarjimonlar, yozuvchilar, musiqachilar ham qatnardi. Rahbariyat turli mamlakatlardan kelgan delegatsiyalarni qabul qilar, xorijiy kutubxonalar bilan hamkorlik qilar, kitob fondi kattalashtirib, noshirlik ishini kuchaytirar, ilm-fanni rivojlantirib, aholining madaniy darajasini oshirishga har tomonlama harakat qilardi.

“Kutubxona eshiklari har kuni erta tongdan qorong‘i tungacha ochiq bo‘lardi. Eshikdan kirishda o‘ng qo‘lda katalog zali, chapda esa kiyim almashtirish joyi bo‘lardi. Kelganlar o‘z narsalarini qoldirib, kitobxonlik biletini olib, kerakli kitobga buyurtma berardi. Keyin ikkinchi qavatdagi 350 o‘rinli mutolaa zaliga chiqib ketardi. Har hafta ma’ruzalar, seminarlar, atoqli kishilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilardi”, — deydi Natalya Nikolayevna.

Xorijiy delegatsiyaning kutubxonaga tashrifi. Markazda — kutubxona direktori Jamila Tojiyeva. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Xorijiy delegatsiyaning kutubxonaga tashrifi. Markazda — kutubxona direktori Jamila Tojiyeva. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Kutubxonada bir necha shu’balar, xususan, saqlash, jamlash, ayirboshlash, bibliografiya, xizmat ko‘rsatish va boshqa shu kabi bo‘limlar bo‘lgan. 1961-yili Yekaterina Kitkovich nodir va qadimiy nashrlar shu’basining bosh kutubxonachisi etib tayinlangan. 1948-yili taniqli sovet bibliografi va Toshkent kutubxonasining ilmiy bo‘limi mudiri Yevgeniy Betger tomonidan asos solingan ushbu shu’bada 2 mingdan ortiq asar saqlanardi. Ular orasida qo‘lyozmalar, gazeta sonlari, diniy va badiiy adabiyotlar bor edi. Kitkovichning shu’basida tarixchi va arxeolog Mixail Masson, sharqshunos va filolog Mixail Sale, pedagog, diktor va jurnalist Hamid G‘ulom va hali juda yosh yozuvchi Chingiz Aytmatov tez-tez mehmon bo‘lib turardi.

Toshkent xalq kutubxonasi jamoasi. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Toshkent xalq kutubxonasi jamoasi. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Xodimlarning aksariyati, xususan, Kitkovich va Maninlar oilasi ham shundoqqina kutubxona hovlisi oldidagi baraklarda yashagan. Aynan shuning uchun ham ular salkam 100 yillik paxsa bino qiyshayib, har yeriga yoriqlar tushib ketganiga, derazalari uchib ketib, birinchi qavatidagi devorlari qulaganiga jonli guvohi bo‘lgan.

Kutubxonaning avariyaviy ahvoli sabab rahbariyat xodimlarning bino ichiga kirishini taqiqlash haqida buyruq chiqargan. Yekaterina Nikolayevna esa o‘z bilganidan qolmagan. U matni “Toshkentdagi ofat va jasorat” kitobida keltirilgan quyidagicha tilxat yozib qoldirgan:

“Tilxat. Men, Ye.N. Kitkovich, avariya holatidagi inshootga kirishni taqiqlash bo‘yicha direksiya buyrug‘iga qaramay, nodir va qadimiy kitoblar shu’basida fondni evakuatsiya qilishga tayyorlash bo‘yicha ish olib boraman”.

Zilziladan so‘ng vayron bo‘lgan kutubxona. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Zilziladan so‘ng vayron bo‘lgan kutubxona. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Boshqalar ham Kitkovichdan o‘rnak olgan. Milliy bibliografiya shu’basi katta kutubxonachisi Irina Mo‘minova dugonasi Yekaterina Nikolayevnaga kitoblarni vayronalar ostidan olib chiqish, changini qoqib, qutilarga joylashga yordam bergan. Mariya Dayn va Tamara Klimova musiqa bo‘limida saqlangan nota va plastinkalarni qutqargan. Antonina Maxova esa kartochkalar va kutubxonaning barcha a’zolari haqidagi ma’lumotlar yozilgan hujjatlarni izlash bilan band bo‘lgan.

Nikolay Manin zilziladan so‘ng. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Nikolay Manin zilziladan so‘ng. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Ismlari sanalgan kishilarning oxirgilari zilziladan ko‘p o‘tmay kutubxonachilarga yordam kelgan edi. Xodimlar vayrongarchilik oqibatlarini bir yoqlik qilgunicha, shahar ahli chiqindilarni chiqarib tashlab, hududni tozalashga yordam berardi. Hodisa joyiga “Izvestiya” gazetasi muxbiri Georgiy Dimov ham kelgan va jarayon haqida material yozgan, u material “Toshkentdagi ofat va jasorat” kitobiga ham kiritilgan.

“Buning nimasi jasorat… Men hech qanday qahramonlik qilganim yo‘q. Bor-yo‘g‘i o‘z kitoblarimni yo‘qolib ketishdan asrab qoldim, xolos. Ishim shu. O‘rnimda istalgan boshqa odam ham shunday qilgan bo‘lardi”, — degandi o‘shanda Yekaterina Nikolayevna.

Nodir nashrlar bo‘limi zilziladan so‘ng. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.Nodir nashrlar bo‘limi zilziladan so‘ng. Natalya Maninaning shaxsiy arxividan.

Xodimlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan kutubxona fondining katta qismini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan. Kitoblar restavratsiya va muqovalatish bo‘limi mudiri Fyodor Kapustinga “sog‘lomlashtirish” uchun topshirilgan.

Buyruqni bajarmagani uchun Kitkovich rahbariyatdan hayfsan olgan. Jarayon ishdan haydalishgacha yetib bormagan — direktor Jamila Tojiyeva xodimining tarafini olib, uni himoya qilgan.

Yekaterina Nikolayevna hayotining 38 yilini Toshkent xalq kutubxonasiga bag‘ishladi. Uning qizi Natalya Manina ham ota-onasining izidan borib, eski ToshMIning kutubxonasida 33 yil ishladi.