O‘zbekiston Turkmaniston orqali yuklarni tranzit yuborishga ruxsat oldi

Turkmaniston 1 iyundan boshlab O‘zbekistonga tranzit yuk tashishga ruxsat berdi. Bir qator talablar ham o‘rnatildi: avtomobillar avtokolonnada harakatlanishi kerak, haydovchilarga to‘xtash va kabinadan chiqish taqiqlanadi va boshqalar.

Shavkat Mirziyoyev Braziliya prezidentiga hamdardlik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Braziliyaning shimoli-sharqiy hududlarida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan ushbu mamlakat prezidentiga hamdardlik yo‘lladi. Ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 128 kishiga yetgan.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonni referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqotda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.

Farg‘onada ota o‘z qizini kaltaklab, o‘ldirib qo‘ygani aytilmoqda

Shanba kuni Uchko‘prik tumanida 16 yoshli qizini bir yigit bilan uchrashib yurganini ko‘rib qolgan ota uni urib, tan jarohatlari yetkazgani aytilmoqda. Buning oqibatida qiz vafot etgan. Gumondor hibsga olindi, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish hamda o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish chorasini belgilash taklif qilinmoqda.

Tibbiyot xodimlari ishiga aralashgan shaxslarni 10 sutkaga qamoqqa olish taklif etildi

O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari ishiga to‘sqinlik qilish, ularga noqonuniy topshiriqlar berish uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan jismoniy shaxs BHMning 5 baravari, mansabdor esa 7 baravari miqdorida jarimaga tortiladi yoki 10 sutkaga qamoqqa olinadi.

Botir Parpiyev mahalla vaziri maslahatchisi bo‘ldi

Hukumat qarori bilan Botir Parpiyev mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. Uning lavozimi maqom bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimiga teng.

Abdushukur Sadikov Milliy antidoping agentligiga rahbar bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori lavozimiga Abdushukur Sadikov tayinlandi. U mazkur lavozimda Nodirjon Tursunovning o‘rnini egalladi.

Piyodalar o‘tish joylarida odamlarni bosib ketish davom etmoqda. YHXX bukletlar tarqatmoqda

Samarqand viloyatida mashina 4 yoshli qizchani piyodalar o‘tish joyida urib yubordi, u vafot etdi. YHXX mahallada suhbat uyushtirib, aholiga «ogohlikka chorlovchi» bukletlar tarqatdi.

O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 30 millionga yaqinlashdi — Statistika qo‘mitasi

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 29,91 millionni tashkil etmoqda. 100 kishiga 84 ta abonent to‘g‘ri kelmoqda. Har beshinchi foydalanuvchi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.

O‘zbekistonda rossiyalik turistdan dron olib qo‘yildi

Rossiyalik turist Polina Yermakova O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib Toshkentda dron olib kirgani uchun hisbga olingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona xodimi kvadrokopterni olib kirishga e’tiroz bildirmagan. Sud uni oqladi, biroq dron undan tortib olindi.

Mo‘g‘uliston charter reyslar orqali O‘zbekistonga go‘sht yetkazib berishni taklif qildi

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari eksportini oshirishni taklif qildi. O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga esa oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshiriladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

O‘zbekistonlik dzyudochilar «Katta dubulg‘a» turnirida 5 ta medalni qo‘lga kiritdi

Tbilisidagi «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirda o‘zbekistonlik dzyudochilar bitta kumush va to‘rtta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

YUNISEF O‘zbekiston SSVga 2100dan ziyod kompyuter topshirdi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi YUNISEFdan 2150 ta kompyuter qabul qilib oldi, bu mamlakatning samarali vaksina va immunizatsiya boshqaruvini joriy etish imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.

Buxoro shahri — «Turkiy dunyoning yoshlar poytaxti» deb e’lon qilindi

Buxoroda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi doirasida Buxoro shahri 2022 yilda — «Turkiy dunyoning yoshlar poytaxti» deb e’lon qilindi.

Hafta davomida havo issiq bo‘lishi kutilmoqda

Hafta mobaynida O‘zbekiston bo‘ylab havo ochiq va issiq bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati hududlarga qarab, +35…+42 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, juma kuni esa ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

FIFA Jahon kubogi O‘zbekistonda — foto

«FIFA World Cup trophy tour» loyihasi doirasida futbol bo‘yicha Jahon kubogi O‘zbekistonga olib kelinib, ommaga ko‘rsatildi. Uni futbol yulduzlari Karles Puyol va Kristian Karambyo o‘zbekistonlik muxlislarga tanishtirdi. O‘zbekiston mazkur kubok olib boriladigan dunyodagi 51 mamlakatning biri hisoblanadi.

Rossiyaliklar O‘zbekistonda qanday pul ishlashmoqda?

O‘zbekistonda rossiyaliklar aynan qanday sohalarda biznes qilishmoqda? Ular mamlakatda qaysi sohalarni tavsiya etishadi? Umuman, 2022 yil boshidan buyon kirib kelgan Rossiya tadbirkorlari O‘zbekiston haqida qanday fikrda?

«Odamlarga bolaligini hadya qilamiz». Xo‘rozqandlarni kim tayyorlaydi?

Toshkentning yirik bozorlarida olomon shovqini orasida ayol kishining baland ovozi eshitiladi: «Qadimiy xo‘rozqandlar! Bolalaringizni xursand qiladigan shirinliklar hali ham bor». «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina A’zam «kinder» davrida kim va nima uchun xo‘rozqandlarni tayyorlashda davom etayotganini o‘rgandi.