Dasturlash — bugungi kunda eng talabgir sohalardan biri. Dasturchilarning turi ko‘p, masalan, 2023-yilda dunyo miqyosida 27,7 millionga yaqin veb-dasturchi ishlagan bo‘lsa, ularning 20 foizi ayollar edi. Sun’iy idrok (AI)ga ixtisoslashgan dasturchilar orasida esa ayollar ulushi 26,1 foizni tashkil etgan. O‘zbekistonda ham IT tarmoqda mehnat qilayotgan jami xodimlarning taxminan 33 foizi xotin-qizlardan iborat.

Har yili aprelning to‘rtinchi payshanbasi Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi qizlar kuni sifatida nishonlanadi. 2024-yilda bayram 25-aprelga to‘g‘ri keldi. Shu munosabat bilan “Gazeta.uz” IT’dagi o‘quvchi qizlar bilan suhbatlashdi. Ular kelajak rejalari, amaliyot o‘tashdagi yosh bilan bog‘liq muammolar, jamiyatdagi stereotiplar haqida gapirdi.

“Dasturlash — shunchaki kod yozish emas, balki aqlli yechim topish demak”

Zamira Rustamova Toshkentdagi 160 maktabning 9 sinf o‘quvchisi. AI va front-end (vebsayt va mobil dasturlarning vizual va interfaol qismi) yo‘nalishida ishlaydi. Hozirda Bilimheal va HandiHub loyihalarini ishlab chiqishda qatnashmoqda.

акт, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlash maktabi, dasturchi, dasturchi xotin-qizlar

Ota-onalar farzandlarining u yoki bu kasbni tanlashiga ta’sir qilishi ko‘p kuzatiladigan holat, ammo farzand ota-onasining yangi sohani o‘rganishiga turtki bo‘lishi-chi, shunaqasi haqida ham hech eshitganmisiz?

14 yoshida Amiti universitetining Albison Academy kursida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bepul o‘rganish mumkinligidan xabar topgan Zamira o‘qishga ariza topshiradi. Ingliz tilini yaxshi bilishi qo‘l kelib, grant yutib olganidan so‘ng murakkab, biroq o‘ziga yarasha zavqli jarayon boshlangan.

“Sun’iy intelekt bo‘yicha bir oylik kursdan so‘ng dadam motivatsiya berish maqsadida yangi noutbuk sovg‘a qildi. Albatta, bundan boshim osmonga yetdi, lekin undan ham ko‘proq xursand qilgani — mendagi o‘sishni ko‘rgach, dadamda ham IT’ga qiziqish paydo bo‘lgani edi. Ota-bola ikkimiz oilamiz uchun butkul yangi bo‘lgan bilimlarni birgalikda egallash, rivojlanishga qaror qildik — dasturlash doimiy o‘qib-o‘rganishni talab qilgani bois jarayon hozir ham davom etyapti”, — deydi u.

Zamira dasturlashni shunchaki kod yozish emas, balki yangi yechimlar yaratish, ijodiy fikrlash va texnologik yutuqlar orqali jamiyatga hissa qo‘shish imkoniyati, deb biladi. Aytishicha, vaqt taqsimoti va vazifalar ustuvorligi to‘g‘ri belgilansa, bu sohani mustaqil o‘rganish ham mumkin.

“O‘rganish uchun manba yetarli. Bu borada, mavzularni chuqurroq tushunish va amaliy ko‘nikmalarni oshirish uchun YouTube’dagi darslardan tashqari, nufuzli oliygohlarning nazariy bilim va amaliy mashg‘ulotlarini o‘z ichiga oluvchi Coursera kurslarining hamnafi tegishi mumkin”, — deydi u.

Foydalanuvchilarga samarali va estetik jihatdan jozibali interfeys yechimlarini taklif qilish imkoniyatlari borligi uchun ham Zamira front-end yo‘nalishini tanlagan. Kundalik turmushdagi murakkab muammolarga aqlli va tizimli yechimlar yaratish, ularni kreativ hal qilish imkoniyatlari uchun sun’iy idrok bilan bog‘liq yangiliklarga qiziqadi.

“Shu qiziqishim sabab bir necha xakaton (qo‘yilgan vazifani belgilangan vaqt ichida tez, sifatli va kreativ bajarish bo‘yicha dasturchilar musobaqasi)da qatnashdim. Oxirgi marta MLC va MohirDev sun’iy idrok mavzusida o‘tkazilgan xakatonlarda ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldim”, — deydi u.

AI xakaton 2024. Foto: Zamira Rustamovaning shaxsiy arxividanAI xakaton 2024. Foto: Zamira Rustamovaning shaxsiy arxividan

Zamira hozir xakatonlarda to‘plangan jamoa tarkibida ikkita yangi, innovatsion startap-loyiha — Bilimheal va HandiHub ustida ishlayapti. Bilimheal — bu maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan sun’iy laboratoriya bo‘lib, fanlarni virtual reallik (VR) texnologiyalari yordamida o‘rganish imkonini beradi. Bunda o‘quvchilar onlayn platformada real vaqt rejimida tajribalar olib borishi mumkin. HandiHub esa O‘zbekistonning qishloq joylardagi hunarmand ayollari uchun mo‘ljallangan elektron tijorat platformasi bo‘lib, ularga o‘z mahsulotlarini global bozorda sotish imkonini beradi.

Boshqa sohalar singari dasturlashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Hafsalani pir qiluvchi lahzalarda hammasiga qo‘l siltagisi kelib qolsa-da, muvaffaqiyatli damlardagi qoniqish hissi Zamiraga ilhom ham qat’iyat beradi.

“Bu sohada tez-tez yangi texnologiyalarni o‘rganish va ularga moslashishdan tashqari, xatolarni aniqlash va tuzatish (debugging) ham ko‘p vaqt oladi. Ayniqsa, kod katta va murakkab bo‘lsa. Ba’zi loyihalarning arxitekturasi va integratsiyalar murakkab bo‘ladi, bu esa ularni rejalashtirish va amalga oshirishni qiyinlashtiradi”, — deydi Zamira.

Zamira hamma — u xoh yigit bo‘lsin, xoh qiz — o‘z qiziqish va orzulariga muvofiq kasb tanlashi kerak, deb hisoblaydi. Uning fikricha, “dasturlash erkaklarga xos” degan qarash allaqachon eskirgan — IT’dagi muvaffaqiyat insonning jinsiga emas, balki bilimiyu qobiliyatlariga bog‘liq.

Zamira kelajakda Massachusets texnologiya instituti (MIT)da o‘qib, Bilimheal va HandiHub’ni kengaytirish, shuningdek, davlat darajasidagi muammolarni hal qilishga qodir startap loyihalarni ishga tushirib, ilmiy tadqiqot qilishni niyatida.

“Imkon berilsa, qishloqning oddiy qizi ham muvaffaqiyatga erishadi”

Dilafruz Jo‘raboyeva Farg‘ona shahridagi 10 chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktabning 10 sinfida o‘qiydi. U .NET (dotnet) dasturiy platformasida back-end (sayt, mobil va desktop dasturlarning “ekran ortidagi” qismini ishlab chiqish) yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Hozirda jamoasi bilan “Yashil bozor” va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan ijtimoiy loyiha ustida ishlamoqda.

акт, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlash maktabi, dasturchi, dasturchi xotin-qizlar

Dilafruzning oilasida dasturchilar yo‘q. Bir vaqtlar chet tili o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qilgan qiz yozgan kodlari ishlamay qolganida, kompyuter qarshisida o‘tiraverib uyqu bosganida yoki tartibsiz ovqatlanish oqibatida mazasi qochganida “bo‘ldi, tamom, bu ishlarni yig‘ishtiraman” degan fikr xayoliga birrov keladiyu, lekin bunday qilolmasligini ich-ichidan biladi — u hozir hayotini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilolmaydi.

Kun kelib o‘z shaxsiy tajribasi haqida kitob yozgudek bo‘lsa, uni “SMM niqobidagi dasturlash” deb nomlasa ham bo‘ladi. Buning o‘ziga yarasha sababi bor, albatta. U 14 yoshga to‘lganida Farg‘onada “Najot Ta’lim” o‘quv markazi ish boshlaydi. Qahramonimiz u yerda ijtimoiy tarmoqlarda marketing (SMM)ni o‘rganish uchun ingliz tili va mantiqiy fikrlashdan imtihon topshiradi.

“Ikki kun o‘tib kelgan javobda: „Siz dasturlash kursiga muvaffaqiyatli qabul qilindingiz“, deb yozilgandi. Anketani to‘ldirayotganimda qog‘oz almashib qolib, men o‘zim bilmay dasturlash kursinikini to‘ldirgan ekanman. O‘zimni allaqachon SMM’da ko‘ra boshlaganim uchun avvaliga hayron bo‘lib qoldim. Qolaversa, „dasturlashda faqat yigitlar bo‘ladi“, deyishardi”, — deb eslaydi Dilafruz.

U faqat o‘g‘il bolalardan iborat guruhda o‘qiy olmasligini, guruhida qizlar bo‘lmasa, SMM’da o‘qish uchun qayta imtihon topshirish haqida o‘ylay boshlaydi. O‘qish boshlangach borib ko‘rsaki, guruh to‘la o‘g‘il bolalar. “Ammo ko‘p o‘tmay bir qiz kirib keldi. Qaysidir ma’noda aynan shu qiz dasturlash kursida qolishimga sababchi bo‘ldi”, — dedi o‘quvchi qiz.

Dasturlashni o‘rganishga endi kirishgan vaqti “baribir 18 yoshda erga bervorsang, shuncha pul to‘lab o‘qitishning nima keragi bor?” deguvchilar ko‘p bo‘lganini eslaydi. Dilafruz o‘zi o‘rganayotgan yo‘nalishdagi eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi — Massachusets texnologiya instituti (AQSh)ga o‘qishga kirib, so‘ng universal dasturchi (software engineer) sifatida Silikon vodiysidagi eng zo‘r kompaniyada ishlab, mana shunday stereotipik fikrlovchilarga javob bermoqchiligini aytadi.

“Bolalikda yaxshiroq ta’lim olishim uchun qishloqdan Farg‘ona shahriga ko‘chib kelgan ota-onam bu safar ham o‘qishim uchun qo‘lidan kelgan hammasini qildi. Onam ma’naviy, otam esa moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi — darrov kompyuter ham olib berishdi. O‘sha payt bir oylik o‘qish puli 1,6 mln so‘m, to‘liq kurs esa salkam 1400 dollar edi — qiz bolaning maktabdan tashqari o‘qishiga hamma ham bunaqa sarmoya kiritavermasdi”, — deya tushuntiradi u.

Dilafruzning .NET dasturiy platformasini o‘rganib, uning ichiga kirishiga bir yilcha vaqt ketgan. Besh oylik foundation kursida asosan algoritmlash, mantiqiy fikrlashni o‘rgangan bo‘lsa, aniq bir yo‘nalishga yo‘naltiruvchi yetti oylik result bosqichida .NET (dotnet)ni uni O‘zbekistonga olib kirganlardan biri — ustozi Muhammadkarim To‘xtaboyevdan o‘rgangan.

“O‘sha vaqtlarda O‘zbekistonda Java’da dasturlashga talab kamaygan, dotnet esa, aksincha, o‘sishda ekani bois ustozlarim eng katta va optimal, qolaversa, back-end uchun eng yaxshi yo‘nalish shu deb, dotnetni o‘rganishni tavsiya qilgan”, — deydi u.

Tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha Farg‘onada ta’lim yo‘qligi uchun Dilafruz 15 yoshidan Toshkentda yolg‘iz o‘qishga majbur bo‘lgan (bu davrda maktabdagi o‘qishini ham Toshkentga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan). Dars qilishdan tashqari dotnet bo‘yicha YouTube’ga kontent tayyorlash, konferensiyalarning hujjat ishlarida yordamchilik qilish unga yaxshi tajriba maktabi bo‘lgan. Qiziq, ayni vaqtda o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bo‘lgan bir davr.

“8−9 nafar qiz bo‘ladi deyilgan kvartirada 20 ga yaqin qiz yasharkan. Shu bilan boshlangan ijara mashmashasi yarim yil mobaynida 7−8 marotaba turar joy almashtirish bilan davom etdi. Ota-onamning qimmatchi Toshkentdagi yashash va o‘qishimga pul yetkazib berishi oson bo‘lmadi. Ularni qiynab qo‘ymaslik uchun kamroq ovqatlanishga, pul tejashga harakat qilardim. Bir oy issiq ovqat yemagan paytim ham bo‘lgan”, — deb eslaydi u.

Dasturlashni ustoz-shogird an’anasi bo‘yicha o‘rgansang, savollaring nisbatan oson javob topasan, vaqt ham tejaysan. Ammo dotnetni mustaqil o‘rgansa ham bo‘ladi, deydi Dilafruz. Masalan, o‘zbek tilida Dotnet.uz darslari, ingliz tilisi yaxshilarga esa Microsoft Learn foydali bo‘lishi mumkin. Qolaversa, sun’iy idrok kundan-kun aqllilashyapti — masalan, ChatGPT’ni ustoz qilib, undan muayyan vazifa berishini so‘rab, so‘ng natijani tekshirtirib olish ham mumkin.

Dilafruz hali 18 yoshga to‘lmagani uchun rasman ishlay olmaydi. Ammo u kabi o‘quvchilik vaqtidayoq dasturlashga qiziqqan, bu borada ma’lum bilim va tajriba to‘plab ulgurgan o‘smirlar ko‘p. Dilafruz o‘zi kabi yosh dasturchilarning kam soat bo‘lsa-da ishlab chiqarish amaliyotida bo‘lishi, korxonalarda ishlashi uchun rasmiy imkoniyat yaratilishini xohlaydi.

“Dasturlashni 14 yoshda boshlasa, 4 yil ichida senior (yuqori tajribali dasturchi) darajasiga chiqish mumkin, lekin men yoshim sabab aksariyat internship (ishlab chiqarish amaliyoti)larga qabul qilinmayapman, ish masalasida ham shunday. Kursni junoir (tajribasi kam) dasturchi sifatida bitirgach, darajani oshirish uchun qayerdadir ishlash kerak, shundoq yuraverilsa, tajriba o‘zidan o‘zi ko‘payib qolmaydi”, — deydi u.

“Yashil bozor”ning marketpleys qismi. Foto: Dilafruz Jo‘raboyevaning shaxsiy arxividan“Yashil bozor”ning marketpleys qismi. Foto: Dilafruz Jo‘raboyevaning shaxsiy arxividan

U hozirda hamfikrlari bilan ekologiya uchun manfaatli “Yashil bozor” nomli mobil dastur ustida ishlayapti. “Uning o‘simliklar sotiladigan marketpleysi qismi deyarli bitgan. Hokimliklar va ekovolontyorlarni tizimlashtiradigan qismi esa hali jarayonda”, deydi u. Shuningdek, u “Shamshir” nomli messenjerni ishlab chiqish loyihasida ham qatnashmoqda.

Uning shu kunlardagi asosiy maqsadi — Microsoft Learn’ning rasmiy o‘quvchisi (Microsoft Learn Student Ambassador — MLSA) bo‘lish. Hozir O‘zbekistonda Microsoft Learn’ning ikki nafar rasmiy o‘quvchisi, shuningdek, ikki nafar eng kuchli eksperti (MVP) bor — MVP’lardan biri Dilafruzning ustozi Muhammadkarim To‘xtaboyevdir.

“MVP'lar rasmiy o‘quvchi bo‘lish uchun nomzodimni qo‘ygan, hozir Microsoft’dan rasmiy xat kelishini kutyapmiz. Agar tasdiqlansam, rasman Microsoft’ning O‘zbekistondagi eng yosh va ilk qiz bola o‘quvchisi bo‘laman”, — deydi u.

“Bolalarni maktabdagi darslarga qiziqtiruvchi startaplar yaratmoqchiman”

Oyshabonu Narzullayeva Toshkentdagi 27 maktabining 9 sinf o‘quvchisi. U hozirda bolalarda ekologiyaga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirishga yordam beradigan EarthExplorers o‘yin dasturi ustida ishlamoqda.

акт, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlash maktabi, dasturchi, dasturchi xotin-qizlar

Oyshabonu dasturlash bilan 11 yoshida, o‘yinqaroqlik va qiziquvchanlik ortidan tanishgan. Dadasining noutbukida o‘yin o‘ynayotganida Sololearn platformasining “Kelajagingni kashf et, dasturlashni o‘rgan” degan reklamasi e’tiborini tortadi. “Qani, nima ekan bu”, deb kirib, avvaliga back-end, so‘ng front-end nimaligi va qanday qilinishini o‘rganishga ulangan.

Ko‘proq narsa kashf qilgisi kelib, keyinroq sun’iy idrok yordamida o‘yin dasturlashga qiziqib qolgan. Shu tariqa u dasturlashni dastlab Sololearn, keyin esa Harvard universitetining CS50 Computer Science kursidan mustaqil o‘rgangan. Ko‘p o‘tmay Toshkentda CS50 kursi ochilgan, Oyshabonu u yerga qatnab, bilimlarini yanada mustahkamlagan. Shundan beri har gal kod yozayotganida o‘zini xuddi xakerdek yoki boshqa bir olamga tushib qolgan qahramondek his qiladi.

“Oilamizdagi birinchi dasturchiman, shunga qaramay uyimdagilar eplab ketishimga ishonch bildirgan. Qarindoshlarimiz ota-onamga: „Bu qiz bola bo‘lsa, IT’ni o‘rganib nima bor, xorijga chiqib ketsa nima qilasan?“, deyishgan. Bu ish qiz bolaga yarashmasligi, qizlar o‘g‘il bolalardek aqlli bo‘lolmasligini aytuvchilar ko‘pligidan sal qolsa dasturlashni tashlab yuboray degandim ham”, — deb eslaydi u.

U Unisat 2.0 dasturining ochilish marosimiga qatnashib, dasturlashni tashlash fikridan to‘liq qaytgan.

“Men avvallari ilmga chanqoq, aqlli, IT’ga qiziquvchi bunchalik ko‘p qizni ko‘rmagandim. Ular erishgan yutuqlari, chet el safarlari haqida gapirib berganida rosa havasim kelgan. O‘zimdan bor-yo‘g‘i uch yosh katta qizlarga qarab: „Men ham shunaqa bo‘lishim mumkin-ku, lekin hozir to‘xtatsam, muvaffaqiyatga erisholmayman“, deb o‘ylaganman”, — deydi Oyshabonu.

Tarixdagi ilk dasturchi ayol — Ada Lavleys, ikki karra Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan Mariya Kyuri ham o‘z davrida “bu ayollarning ishi emas”, “ayollar bunday ishlarni eplay olmaydi” degan tahqirlovchi gaplarni eshitgan. Ammo ular bu gap-so‘zlarga parvo qilmay, o‘zi tanlagan yo‘ldan ketgani uchun ham tarixda qolgan, deydi suhbatdoshimiz. Oyshabonuga ham aynan ota-onasining qo‘llovi kuch bergan.

Uning fikrini o‘zgartirgan Unisat 2.0 dasturidan ko‘p o‘tmay, Tumaris Hack xakatonida o‘zidan 10−15 yosh katta qozog‘istonlik va qirg‘izistonlik qizlar bilan bir jamoa bo‘lib qatnashgan. Jarayon stressli kechgan, kamiga mentori (xakatondagi ustoz)dan gap ham eshitganiga qaramay, aynan o‘shanda u tanqidni to‘g‘ri qabul qilish va jamoa bilan ishlashni o‘rgangan. Keyinchalik Technovation Girls, Girls Who Code va TechGirls kabi dasturlarda finalga va yarim finalga chiqqan.

“Bolalar uchun foydali loyihalar qilgim keladi. Toki, ular kichkinaligiga qaramay, har qanday vaziyatda ham rollari kattaligini his qilsin. Ekologik mavzudagi EarthExplorers ham shunday loyihalardan biri. Bu loyihamiz Technovation Girls’da yaxshi bal to‘plagan, Storily’da 2-o‘rinni olgan”, — deydi u.

Bu loyihaga kirishishdan avval Oyshabonu 6−10 yoshli bolalar orasida “Ko‘chaga chiqindi tashlaysizmi, ortingizdan chiqindilarni yig‘ishtirasizmi?”, kabi savollar bilan so‘rovnoma o‘tkazgan. “Nima farqi bor, chiqindilarni tashlasak ham hech qanday zarari yo‘q, yerda o‘zi yo‘qolib ketadi-ku”, qabilidagi javoblardan tashvishlangan dasturchi bunga kreativ yechim topgisi kelgan.

EarthExplorers’ning loyihaviy ko‘rinishi. Foto: Oyshabonu Narzullayevaning shaxsiy arxividanEarthExplorers’ning loyihaviy ko‘rinishi. Foto: Oyshabonu Narzullayevaning shaxsiy arxividan

EarthExplorers’da jarayon 12 bosqichdan iborat bo‘ladi. O‘yin boshlanganida xarita chiqadi, unda birinchi bo‘lib O‘zbekiston ko‘rinadi. O‘yinchi har bosqichda O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi chiqindilar sochilib yotgan parklarga tushib qoladi. Vazifa — chiqindilarni yig‘ib, qutiga tashlash, o‘rniga esa ko‘chat yoki o‘simlik ekish. Vazifalarni bajargan sayin ball yig‘iladi va keyingi bosqichga o‘tiladi. Har yangi bosqichga o‘tganida ekologik ahvolning yaxshilanishiga qanchalik hissa qo‘shgani haqida xabar berilib, rag‘batlantirib boriladi.

“O‘yinchilarning mobil dasturda erishgan natijasi bilan ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishishi mumkin bo‘ladi. Shu tariqa, o‘zini qahramondek his qilgan bolalar tabiatga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini o‘rganadi. Shuningdek, dasturning o‘yinchilarga VR/AR shlemi yordamida gullarni qayerga, qanday ekishni o‘rgatadigan qismi ham bo‘ladi”, — tushuntiradi u.

Oyshabonu tabiiy fanlarni yaxshi ko‘radi. Shu bois kelgusida shu yo‘nalishda startaplar ishga tushirib, geografiya, kimyo va fizikani zerikarli deb o‘ylaydiganlarning fikrini yaxshi tomonga o‘zgartirish niyatida.