Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov “Gazeta.uz” muhbirining Abdulla Qodiriy va Do‘stlik bog‘lari haqidagi savollariga javob berdi.

“Nima deb o‘ylaysiz, 1 kv metr yashillikni yaxshi ushlab turish uchun qancha xarajat qilish kerak? Men sizga aytaman, 20 dollardan 50 dollargacha sarflanadi oyiga. Davlatni qancha puli bor? Kecha gullar, daraxtlar va yashillik xarajati uchun 8 milliardlik [qarorga] qo‘l qo‘ydim. Sizlar yozdinglar va to‘g‘ri yozdinglar, buni berkitadigan joyi yo‘q”, — dedi poytaxt hokimi.

“Biz [bog‘larni] ijaraga berganimiz bilan mana G‘ofur G‘ulomni qanaqa chiroyli joy qilib qo‘ygan. Hozir boringlar, [Abdulla Qodiriy va Do‘stlik] bog‘lar[ining ahvoli] yaxshimas. Bog‘ning menejeri davlat bo‘lishi noto‘g‘ri. Butun dunyoda shunaqa. U yerga qo‘shimcha daraxt ektiramiz, katta attraksionlar qo‘yilmaydi, talablar hammasi qo‘yilgan. Nega unga berdinglar desanglar uni qilib qo‘ygan ishini ko‘rdim. Man nima qilaman tajriba qilib”, — dedi Umurzoqov.

Jurnalistning aslida qonunchilik bo‘yicha tender bo‘lishi kerakligini aytganida hokim “Men tender qildim”, deya javob berdi.

“Men shuni lozim topdim, men tanladim. Bir narsani tushunishimiz kerak, kv metri 20−50 dollar deyapman. Davlat qanday qilib [bu xarajatni] ko‘taradi? Bu xalqni puli… Avvalo, har bir parkda qilinayotgan ish bamaslahat qilinadi”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov 26-martdagi qarori bilan Do‘stlik (sobiq Bobur) parkini 49 yilga G‘afur G‘ulom parkini rekonstruksiya qilgan BPM Smart Decision Management kompaniyasiga ijaraga bergan.

Investor rekonstruksiya uchun kamida 10 mln dollar kiritishi lozim. Bu haqda BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov va Toshkent shahar Mahallalar uyushmasi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev 19-aprel kuni uyushtirilgan press-tur doirasida aytib o‘tdi (Mahmudxo‘jayev tadbirga shahar hokimligi nomidan kelgandi). Hokim qarori haqidagi axborot haqqoniy ekanini “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi ham tasdiqladi. Qaror aholi bilan muhokama qilinmagan.

“Adolat” partiyasi Toshkent hokimligini bog‘larni ijaraga berish kabi muhim qarorlarni qabul qilishdan oldin o‘rganib, jamoatchilik fikrini inobatga olishga chaqirdi.

Ekologik partiya esa Toshkent hokimligi Do‘stlik bog‘idagi daraxt va yashillikni saqlab qolishlari, attraksionlar o‘rnatilmasligi va bog‘ni rekonstruksiya qilish loyihasini jamoatchilikka taqdimot qilishlari lozimligini qayd etdi va bu yuzasidan hokimlikka deputatlik so‘rovini yuborishni ma’lum qildi.