Shavkat Mirziyoyev YeOII davlatlarini bozorga chiqishdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga chaqirdi

Juma kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Shavkat Mirziyoyev YeOII davlatlarini bozorga chiqishdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, mehnat migratsiyasi tartib-tamoyillarini soddalashtirish, transafg‘on temir yo‘li doirasida hamkorlik qilish, agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqishni taklif qildi. Qolaversa, prezident ittifoq mamlakatlarini yo‘lovchi tashish aloqalarini to‘liq qayta tiklashga chaqirdi.

«O‘zbekiston paxtasiga boykot o‘z vaqtida olib tashlandi» — National Interest

National Interest nashri Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni to‘xtatganidan so‘ng Adidas, H&M, Gap, Zara va boshqa xalqaro brendlar mamlakat to‘qimachilik mahsulotlarini xarid qilishni qayta yo‘lga qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi. O‘zbekiston paxtasining yirik importichisi Rossiyadagi moliyaviy sanksiyalar, inflyatsiyaning o‘sishi va iste’mol bozorining qisqarishi natijasida mamlakat yangi xaridorlarni izlashiga to‘g‘ri kelishi aytilgan.

OTMlarda chet tilidan o‘tkaziladigan ijodiy imtihon formati va test namunalari e’lon qilindi

Joriy yildan boshlab 6 ta OTMga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon bo‘lib o‘tadi. Unda abituriyentlarning xorij tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish kompetensiyalari baholanadi. DTM 2 soat 45 daqiqa vaqt ajratiladigan mazkur imtihonning formati va qoidalarini e’lon qildi.

«O‘zbekneftgaz» AI-80 benzini narxini oshirdi

Dekabrdan beri ilk bor «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mgacha (4,3%) ko‘tarildi. Kompaniya buni import qilinayotgan 30 foiz neft mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxi oshgani bilan izohladi. Biroq, bunga qadar «O‘zbekneftgaz» vakillari AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini aytgandi.

Korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p shikoyat Andijon viloyatidan tushayotgani ma’lum qilindi

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlar ichida Andijon 1-o‘rinni egalladi, deya ma’lum qildi Antikorrupsiya agentligi. 2021 yilda o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish kabi jinoyatlarni sodir etganlarning 4 nafarini viloyat hokimligi, 18 nafarini tuman va shahar hokimliklari xodimlari tashkil qilgan.

Samarqanddagi 12 qavatli binoni buzish bo‘yicha xulosa berildi — Qurilish vazirligi

Qurilish vazirligi tarmoqlarda videosi tarqalgan Samarqand viloyatidagi 12 qavatli bino noqonuniy qurilganini ma’lum qildi. Bino egasi Qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan bir necha marta ogohlantirilgan, biroq 2012 yildan beri qurilish ishlari davom ettirilgan. «O‘zog‘irsanoatloyiha» binoning seysmik holati talablarga javob bermasligi, kolonnalarning ayrim joylari darz ketganini tasdiqladi. Binoni buzib tashlash bo‘yicha xulosa berildi, ish sudda ko‘rib chiqiladi.

AQSh Qoraqalpog‘istonga $3 mlnlik gumanitar yordam yubordi

AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Qoraqalpog‘istonga tibbiy asbob-uskunalardan iborat 3 mln dollarlik gumanitar yordam yubordi. To‘rtta konteynerning har birida UZI uskunalari, IVL, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlar, defibrillyatorlar va boshqalar mavjud. Uskunalar taxminan iyun oyida yetib kelishi va 24 ta tibbiyot muassasasiga taqdim etilishi kutilmoqda.

Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisligidan ham ketdi

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. U fevral o‘rtalarida MOQ rahbarligidan ham ketgandi. Federatsiyada uning o‘rnini «Kapitalbank» Kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamatov egalladi.

Toshkentda haydovchilardan mashinalarini daraxt ostida qoldirmaslik so‘raldi

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati O‘zbekiston aholisidan avtomobillarni daraxt yoki kuchli shamolga chidamsiz vositalar yaqinida qoldirmaslikni so‘radi. FVV esa kuchli shamol vaqtida amal qilish zarur bo‘lgan xavfsizlik choralarini eslatib o‘tdi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

«Raqamli mobil pasport» xizmati iyuldan joriy qilinishi mumkin

Iyul oyidan boshlab Toshkentda tajriba tariqasida «raqamli mobil pasport»ni joriy qilish taklif etildi. Pasportdan tashqari yana 8 ta hujjatlarni elektron tarzda mobil ilova orqali taqdim etish mumkin bo‘ladi. Davlat xizmatlari, bank, avia va temiryo‘l kassalari, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlar ushbu hujjatlarni qog‘oz shaklida talab qilishni to‘xtatadi. Mobil ilovadagi elektron hujjatlar qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi.

Toshkentga 700 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht olib kelinayotgani aniqlandi

Qashqadaryoning Qarshi shahri va Chiroqchi tumanidan 3 ta avtomobilda poytaxtga sifatsiz go‘sht mahsulotlari olib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Shahar veterinariya boshqarmasi 700 kg go‘sht og‘ir kasalliklarga chalingani uchun so‘yilgan hayvonlarga tegishli ekanligini aniqladi. Go‘shtlarni olib kelayotgan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Urganch aeroportida rahbariyat o‘zgardi

Urganch xalqaro aeroporti direktori Ruslan Agabullayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda bir yildan kamroq vaqt ishladi. Uzbekistan Airports raisining birinchi o‘rinbosari Javlonbek Umarxo‘jayev direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Karantin ostidagi mahsulotlar bo‘yicha qoidalarni buzganlarni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi nazorat qiladi

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi karantin ostidagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirish va chiqish qoidalarini hamda fitosanitariya talablarini buzganlarni ma’muriy javobgarlikka tortadi. Shuningdek, kimyoviy vositalarni sotish uchun litsenziya beradi.

Prokuratura 72 ta tarixiy obyektda noqonuniy reklama bannerlari o‘rnatilganini aniqladi

Bosh prokuratura O‘zbekistondagi 72 ta madaniy meros obyektida 121 ta noqonuniy reklama joylashtirish holatlarini aniqladi. Ayrim holatlarda reklama bannerlari tarixiy obyektlarning ko‘rinishini to‘liq yopib qo‘ygan.

Dam olish kunlari yomg‘ir yog‘adi va havo salqin bo‘ladi

Juma kuni Volga bo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi natijasida dam olish kunlari barcha hududlar sovuq antitsiklon ta’siri ostida bo‘ladi. Havo harorati +21…+26 darajadan yuqori bo‘lmaydi, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqini kuzatilishi mumkin.

Toshkentda KIA haydovchisi urib yuborgan piyoda shifoxonada vafot etdi

Seshanba kuni Toshkent shahrida KIA haydovchisi 25 yoshli piyodani urib ketdi, u shifoxonada jon berdi. Chorshanba kuni esa Samarqandda Cobalt yo‘ldan o‘tayotgan 16 yoshli bolani urib, taxminan 20 metrga uchirib yubordi. Bola turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

4 oyda O‘zbekistonga 734 ta elektromobil olib kirildi

O‘zbekiston yanvar-aprel oylarida qiymati 21,8 mln dollarlik 734 ta elektromobil import qildi. Ularning ko‘pi Xitoydan keltirilgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan elektromobil importi 5 barobarga oshdi.

Dilmurod Parpiyev va Toxir Sharipov «Trastbank»ning qo‘shimcha aksiyalarini sotib oldi

«Trastbank» aksiyadorlari Dilmurod Parpiyev va Toxir Sharipov bankdagi ulushlarini oshirdi. Ularning har biri 8,3% dan aksiyalarni sotib oldi. Bitim 231,5 mlrd so‘mga baholangan. Tadbirkorlar bir qator loyihalar, jumladan, Food City majmuasi bilan bog‘liq loyihalarning hamta’sischilari hisoblanadi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Prezidentlar o‘z muddatlarini qanday «nollashtirgan»? Jahon tajribasi

O‘zbekistondagi oldingi konstitutsion islohotlar Konstitutsiyaning prezidentlik muddatlarini cheklaydigan 90-moddasini chetlab o‘tishga imkon yaratgan. Virjiniya Universiteti tadqiqotchilari turli mamlakatlarda shunga o‘xshash cheklovlarni chetlab o‘tish bo‘yicha 60 ta urinishlarni o‘rganib chiqdi. Bu qanday amalga oshirilgan va qanaqa oqibatlarga olib kelgan (g‘aroyib holatlar ham bo‘lgan) — Komil Jalilov sharhida.

Zamonaviy O‘zbekiston hududida qanday dinozavrlar yashagan?

Dinozavrlar Yer yuzida taxminan 233 million yil muqaddam paydo bo‘lgan. Yerning turli qismlarida, jumladan, zamonaviy O‘zbekiston hududida ham ko‘plab dinozavrlar qoldiqlari topilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya kafedrasi mudiri Abdulla Qo‘shoqov «Gazeta.uz»ga dinozavrlar qoldiqlari saqlanib qolishi uchun ularning ideal o‘lim holati, O‘zbekistonda ular topilgan hududlar, mamlakatimizda paleontologiya fanining bugungi holati haqida so‘zlab berdi.

Metavers o‘zi nima va undan nima kutish mumkin?

Metavers, o‘zimizning tilda aytganda metaborliq yoki metamakon — o‘zi nima? Bu g‘oya qanday paydo bo‘lgan? Nega Facebook o‘z strategiyasini metaborliq g‘oyasiga qaratdi? Metaborliqdan kelajakda nima kutish mumkin?