O‘tgan haftada AQShning eng nufuzli universitetlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Qator universitetlarda talabalar chodirlar qurdi, ayrim ta’lim muassasalari rahbariyatlari namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun politsiyani jalb qildi. Namoyishlarga doir ma’lumotlar — “Gazeta.uz” sharhida.

Namoyishlar qanday boshlandi?

Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlarining markazi 1960-yillardan buyon talabalar aktivizmi tarixi bilan tanilgan Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti bo‘ldi. 1968-yilda bu yerda AQShning Vetnamdagi urushi va irqchilikka qarshi qator norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan va 700 dan ortiq odam qamoqqa olinishi bilan yakunlangandi.

18-aprel kuni Kolumbiya universiteti talabalari Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlariga norozilik bildirish uchun maktab hovlisida chodirlar lageri qurdi. Universitet rektori Ne’mat Shafiq namoyishchilar bilan muzokara olib borishga qisqa urinishdan so‘ng, mitingni tarqatish uchun kampusga politsiya chaqirdi. Natijada 100 dan ortiq talaba qamoqqa olinib, darsdan chetlashtirildi.

Shafiqning harakatlari namoyishlarni to‘xtata olmadi, aksincha boshqa universitetlarda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalarni qo‘zg‘atdi. AQShning yetakchi universitetlari — Yel, Michigan, Prinston, Garvard, Nyu-York, Massachusets texnologiya instituti va boshqalarda chodirlar lagerlari paydo bo‘ldi.

Yel universitetida jami 47 talaba, Nyu-York universitetida esa 150 dan ortiq talaba qamoqqa olindi.

Shu hafta boshida Kolumbiya universitetining yuzlab professor-o‘qituvchilaridan iborat guruh talabalar noroziliklarini qo‘llab-quvvatlab chiqish qildi.

Namoyishchilar nimani talab qilmoqda?

Talaba aktivistlar G‘azo sektorida o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga chaqirmoqda va AQSh hukumatidan Isroilga harbiy yordamni to‘xtatishni talab qilmoqda. Ular, shuningdek, universitet rasmiylaridan Isroil urushi va Falastin okkupatsiyasidan foyda ko‘rayotganini da’vo qilayotgan kompaniyalar bilan aloqalarini uzishni talab qilmoqda. Ular orasida Isroil hukumati bilan yirik shartnomaga ega Google va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlarida yashashga imkon beruvchi Airbnb kiradi.

Bundan tashqari, harbiy ilmiy-tadqiqot muassasalari talabalari o‘z universitetlarini qurol ishlab chiqarish targ‘ibotini to‘xtatishga chaqirmoqda. Nyu-York universiteti faollari ham universitetning Tel-Avivdagi filiali yopilishini talab qilmoqda.

Rasmiylarning munosabati

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va sobiq rahbari Donald Tramp ham namoyishlar yuzasidan bayonot berdi.

Namoyishchilar tomonidan Isroilni moliyalashtirgani va qurol bilan ta’minlagani uchun tanqid qilingan Bayden jurnalistlarga “antisemitistik noroziliklarni” ham, “falastinliklarga nima bo‘layotganini tushunmaydiganlarni” ham qoralashini aytdi.

Oq uy veb-saytida yahudiylarning Pasxa bayrami oldidan e’lon qilingan boshqa bayonotida ham Bayden antisemitizm unsurlarini qoraladi. “Hatto so‘nggi kunlarda ham biz yahudiylarga nisbatan ta’qib va zo‘ravonlikka da’vatlarni ko‘rdik. Ushbu ochiq-oydin antisemitizm qoralanadi va xavflidir, kollejlar kampuslarida va mamlakatimizning boshqa joylarida unga mutlaqo o‘rin yo‘q”, — deyiladi matnda.

Vox`ning qayd etishicha, Baydenning bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda Kolumbiya universiteti darvozasi yaqinida niqob taqqan Falastin tomon namoyishchilar yahudiy talabalarga qarata “Endi har kuni sizga 7-oktabr (HAMASning Isroil hududiga hujumi sodir etilgan sana — tahr.) bo‘ladi”, deb baqirgani aks etgan video paydo bo‘lganidan keyin e’lon qilingan.

Bunga javoban namoyishlar tashabbuskorlari — Kolumbiya universiteti aparteidga qarshi koalitsiyasi va “Talabalar Falastinda adolat uchun” kollejlararo tashkiloti — namoyishchilar o‘zlarini tinch tutganini ma’lum qildi. Ular, shuningdek, kampus tashqarisida to‘plangan talaba bo‘lmagan namoyishchilarni “bizning vakil bo‘lmagan kasal shaxslar” deb atadi.

Sobiq prezident va 2024-yilgi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp universitet noroziliklarini “mamlakatimiz uchun sharmandalik” deb atadi va aybni Baydenga yukladi.

24-aprel kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Kolumbiya universitetiga tashrif buyurdi. U rektor Shafiqni “agar bu xaosni darhol tartibga keltira olmasa”, iste’foga chiqishga chaqirdi va muassasa yahudiy talabalarni antisemitizmdan himoya qila olmaganini ta’kidladi.

“Biz so‘z erkinligini hurmat qilamiz, g‘oyalar xilma-xilligini hurmat qilamiz, lekin buni qonuniy yo‘l bilan qilish usuli bor… Lagerdagi o‘quvchilarga aytadigan gapim: darsga qayting va bu bema’nilikni to‘xtating”, — dedi u.

Bunga javoban talabalar guruhi Jonsonga hushtak chalib, Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar ayta boshladi.