Buxoro ayeroporti chegara bojxona posti orqali qadimiy numizmatika buyumlarini olib chiqib ketishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi, deb xabar bermoqda viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Buxoro-Vnukovo yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketayotgan ikki nafar fuqaro o‘zi bilan respublika hududidan olib chiqib ketish ta’qiqlangan madaniy meros ashyolarini olib chiqishga uringan vaqtda bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan. Bartaraf etilgan ikki holatda jami 4 dona qadimiy tangalar borligi aniqlangan.

Ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan tangalarning qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, mazkur tangalar 1751-yilda Rossiya imperatori Pyotr I hukmronligi davrida Yekaterinburg zarbxonasida zarb etilgani tasdiqlangan.

Qadimiy numizmatika ashyolari doimiy saqlash uchun Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasiga taqdim etildi, deyiladi xabarda.

Boshqarmaning eslatishicha, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida"gi qonunga asosan zarb etilganiga 50 yildan oshgan numizmatika buyumlarini O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketish taqiqlanadi.

Avvalroq Buxoro aeroportida 96 dona, Urganch aeroportida 50 dona qadimiy tanga olib chiqilishining oldi olingani, Surxondaryoda XIX asrga oid oltin tangani, Toshkentda 32 gramm oltin tangani 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani xabar qilingan edi.