Shavkat Mirziyoyev — O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish haqida

Prezident jahondagi nobarqaror vaziyatda O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Jumladan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlari qayta ko‘rib chiqiladi, tadbirkorlarga 10 trln so‘m «revolver» kreditlar beriladi. Yil yakunigacha Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotganlarning debitor qarzdorligi uchun jarima va penya qo‘llanilmaydi.

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari qanday kelishuvlarga erishdi?

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida imzolangan harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim jangovar tayyorgarlik va mudofaa sanoati sohasidagi sheriklik masalalarini ham qamrab oladi.

YPX xodimini xizmat faoliyati jarayonida s’yomka qilishga qarshiman — Svetlana Artikova

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova ham yo‘lovchi, ham «pogonli shaxs» sifatida YPX xodimlarini xizmat vaqtida tasvirga olishga qarshi ekanini ma’lum qildi.

«Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident videoselektor yig‘ilishida valyuta bozori barqarorlashgani, birjada rubl va yuan bo‘yicha savdolar boshlanganini aytdi. «Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Ta’kidlanishicha, ekspertlar jahondagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilmoqda. Shundan kelib chiqib, bosh vazir boshchiligida Respublika shtabi tuziladi.

Buxoroda kuchli shamol va yog‘ingarchilikni prognoz qilishda ko‘maklashuvchi meteolokator o‘rnatildi

O‘zgidromet tomonidan Kogon tumanida kuchli shamol va yog‘ingarchilikni prognoz qilishda ko‘maklashuvchi meteolokator o‘rnatildi. U 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi, uning davomiyligi haqida ma’lumot beradi.

«Hokimlar va prokurorlar qayoqqa qaragan?» — prezident shakar «ajiotaji» haqida

Shavkat Mirziyoyev Jizzax, Samarqand hamda Toshkent shahrida zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli, shakar narxi keskin oshganini tanqid qildi. «Ushbu hududlarning hokimlari va prokurorlari qayoqqa qaragan?», — dedi u. Ta’kidlanishicha, Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Ramazon oyi qachon boshlanadi?

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tarovih namozlarida xatm qilinadigan Qur’oni karim taqsimoti jadvalida tarovih namozlari 1 apreldan boshlanishi ko‘rsatilgan. Bu — Ramazon oyi 2 apreldan kirib kelishini anglatadi. Biroq O‘zbekistonda Ramazon oyi qachon boshlanishi haqida rasmiy xabarlar e’lon qilingani yo‘q. Qoraqalpog‘istonda esa Ramazon 2 apreldan boshlanishi rasman ma’lum qilindi.

Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi quriladi

Prezident tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Unda universitet, IT-park, turar-joy binolari, maktab, bolalar bog‘chasi va sport majmuasi bo‘ladi.

Tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy liboslarda yurishga taqiq olib tashlandi

Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishga taqiq olib tashlandi.

OIIB O‘zbekistonga «Buxoro-Xiva» temir yo‘lini elektrlashtirish uchun 108 mln dollar ajratadi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston bilan «Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva» temir yo‘l liniyasini elektrlashtirishga qaratilgan 108 mln dollarlik kredit shartnomasini imzoladi.

MOQ sportchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sportchilardan iborat komissiya tuzdi

Milliy olimpiya qo‘mitasi tarkibida sportchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida Atletlar komissiyasi tuzildi. Unga 7 nafar sportchi kirdi. Dmitriy Shokin komissiyaga rahbar etib tasdiqlandi, Oksana Chusovitina va Bekzod Abdurahmonov esa uning o‘rinbosarlari bo‘ldi.

«Erishgan yutuqlarimizni saqlab qolishimiz kerak». Nozim Xusanov — bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yilgani haqida

Mehnat vaziri Nozim Xusanov mamlakat yutug‘ining 50 foizi bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yishga erishilganida bo‘lsa, qolgan 50 foizi uni saqlab qolishga bog‘liqligini aytdi. Senat raisi Tanzila Narbayeva esa «odamlar yaratilgan sharoitlar, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy himoya tizimidan qoniqishi kerakligini» ta’kidladi. Bunga erishish uchun O‘zbekiston xalqaro Better Work dasturidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ayrim sohalar bosqichma-bosqich 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi ham mumkin.

O‘zbekistonda Markaziy Yevroosiyo mintaqasida birinchi bo‘lib Space Technology Conference o‘tkaziladi

«O‘zbekkosmos» may oyida Toshkentda Markaziy Yevroosiyo mintaqasidagi birinchi Space Technology Conference o‘tkazadi. Unda kosmik faoliyat sohasidagi yetakchi kompaniyalar — Maxar, SpaceX, Viasat (AQSh), Airbus (Fransiya) va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.

Diyor Imomxo‘jayev 4 yilga PFL bosh direktori bo‘ldi

2020 yildan beri Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Diyor Imomxo‘jayev 4 yil muddatga tashkilotga bosh direktor etib saylandi.

«Guliston neft bazasi»da qariyb 3,2 mlrd so‘mlik kamomad, 2,7 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlandi

«Guliston neft bazasi»da 24,7 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlikning 9 mlrd so‘mi «umidsiz» qarzdorlikka aylangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, jamiyatda 3,2 mlrd so‘mlik kamomad hamda 2,7 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ham aniqlandi.

O‘zbekiston 2 oyda 228 ta elektromobil import qildi

O‘zbekiston yanvar-fevral oylarida qiymati 5,9 mln dollarlik 228 ta elektromobil import qildi. Ularning 95 foizga yaqini Xitoydan keltirilgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan 150 taga ko‘proq elektromobil olib kelingan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi barcha avtomobillarni elektromobillarga almashtirishni rejalashtirgan

Davlat ekologiya qo‘mitasi 10 ta elektromobil xarid qildi va kelajakda barcha xizmat mashinalarini elektromobillarga almashtirishni rejalashtirmoqda.

Olmaliqda MCHJ rahbarining 219,2 mln so‘mlik nasoslarni yaroqsizga chiqarib, o‘zlashtirgani aniqlandi

Olmaliqda korxona rahbari tekshirish uchun berilgan 219,2 mln so‘mlik 30 ta nasos agregatini yaroqsizligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalarni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.

O‘zbekiston va FTA sanitariya va chorvachilik loyihalari bo‘yicha ikkita shartnomani imzoladi

O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida Navoiy va Qashqadaryoda suv ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish hamda chorvachilik tarmog‘iga iqlimiy investitsiyalarni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni amalga oshirishga qaratilgan ikkita bitim imzolandi.

Toshkentda isitish mavsumi yakunlanmoqda

Toshkentda iliq kunlar boshlangani munosabati bilan 1 apreldan issiqlik ta’minoti o‘chiriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Davlat xaridlaridagi korrupsiyadan qanday qutilish mumkin?

Korrupsion sxemalarning davlat, jamiyat va tadbirkorlikka yetkazadigan zarari mamlakat rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi. TDYUU «Biznes huquqi» kafedrasi mudiri Xusain Radjapov davlat xaridlarida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsion sxemalarni tahlil qildi va ushbu qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.