«Vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak» — Shavkat Mirziyoyev

Qoraqalpog‘istonda tashrif bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib borayotganini ta’kidladi. «Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak», — dedi u.

Ukrainadagi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi tuzilmoqda

Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini inobatga olib, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatini tuzib chiqmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qo‘shni viloyatlaridagi o‘zbekistonliklarning xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘q — TIV

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan, Rossiyaning Ukrainaga yaqin hududlarida joylashgan OTMlar talabalari uchun xavotirlanishga sabab va asoslar yo‘qligini ma’lum qildi. TIV agar fuqarolarga tahdid bo‘lsa, o‘z vaqtida choralar ko‘rilishi va ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Rostov-Dondagi bosh konsulxonasiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini bildirdi.

Uzbekistan Airways Kiyevga amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikkita reysni bekor qildi

Uzbekistan Airways 27 fevral va 2 mart kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikkita mantazam HY-3731/3732 Toshkent — Kiyev — Toshkent reyslarini bekor qildi.

Prezident 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. «Tasavvur qilinglar farzandlarimiz, nevalarimiz bunday loyihadan qanday manfaat ko‘radi. Bu bir yillik emas, yillarga tatiydigan loyiha», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Talabalar 2-kursdan ishlashi mumkin bo‘ladi — Oliy ta’lim vaziri

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2 kursdan boshlab ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qildi. «Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman», — dedi u. Qolaversa, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.

Olimlarimiz koronavirusga qarshi to‘rtta vaksina ustida ishlayapti — Abdulla Aripov

Bosh vazir Abdulla Aripov o‘zbekistonlik olimlar koronavirusga qarshi to‘rtta vaksina yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. «Dunyodagi hech qaysi vaksinadan nusxa olinmagan, alohida o‘zining strukturasi belgilangan vaksina turlari ishlab chiqilyapti», — dedi u.

«Sovkombank» «O‘zagroeksportbank»dagi 100% davlat ulushini 4 mln dollarga xarid qildi

«O‘zagroeksportbank» 100 foiz davlat ulushi Rossiyaning «Sovkombank"i tomonidan 4 mln dollarga sotib olindi. Ushbu bitim ochiq tender orqali tuzilgan. Tenderda 4 ishtirokchi bankni xarid qilish istagini bildirgan.

«Ular mudrab o‘tiribdi, ishlamagan». Prezident Samarqandda ishdan olingan 10 nafar rahbar haqida

Shavkat Mirziyoyev Beruniy tumanidagi yig‘ilishda hududdagi rahbarlar umuman ishlamayotganini tanqid qildi. So‘zi davomida davlat rahbari faoliyatiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgani uchun ishdan olingan 10 nafar samarqandlik amaldorni misol qilib ko‘rsatdi. «Ularning ko‘zlariga qaradim, hammasi mudrab o‘tiribdi, ishlamagan», — dedi u.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar va chet el fuqarolariga davlat qimmatli qog‘ozlarini xarid qilishga ruxsat beriladi

Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda jismoniy shaxslar va norezidentlarga davlat qimmatli qog‘ozlarini xarid qilish huquqi beriladi. Hozirgi kungacha DQQni jismoniy shaxslar va norezidentlar orasida joylashtirilishi qonunan nazarda tutilmagan edi.

Chorshanba kuni 140 kishida kovid aniqlandi

Chorshanba kuni O‘zbekistonda 140 nafar fuqaroning koronavirusga topshirgan test tahlili musbat natijani qayd etdi. Shuningdek, kun davomida 24 kishida pnevmoniya aniqlandi.

Jizzaxda fuqaroni aylanma yo‘llar orqali AQShga jo‘natishga va’da qilgan shaxs ushlandi

Jizzax viloyatida fuqaroni Turkiya, Italiya yoki Meksika orqali AQShga olib o‘tish va ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs 20 ming dollar olganida ushlangani aytilmoqda. Farg‘ona viloyatida esa fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishga va’da qilganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingan.

Adliya vazirligi 2021 yilda qonun buzilgani uchun hokimliklarga 2,6 mingta taqdimnoma kiritdi

Adliya vazirligi 2021 yilda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ta’lim muassasalariga 8,2 mingta, hokimliklarga 2,6 mingta, sog‘liqni saqlash muassasalariga 1,5 mingta taqdimnoma kiritdi. O‘rganishlar davomida Andijon viloyatida ishsizlik nafaqasi bo‘yicha jami 1,3 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlangan.

Muddatli harbiy xizmatga chaqiruv e’lon qilindi

Prezident qarori bilan harbiy xizmatga yaroqli O‘zbekiston fuqarolari mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

«Ukrainada jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q» — TIV

Ukrainada ayni paytda 4300 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi, ular ro‘yxati yanada aniqlashtirilmoqda, deya xabar qildi TIV. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q.