Farg‘ona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holatga munosabat bildirdi.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, ushbu voqea viloyatning Qo‘shtepa tumanida joylashgan 49-sonli maktabda sodir bo‘lgan.

Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazildi va xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deyiladi xabarda.

Milliy gvardiya xizmatining Kun.uz`ga izoh berishicha, videodagi xodim maktabda inspektor-psixolog sifatida ishlab kelgan va hozirda uni boshqa lavozimga qo‘yish ko‘rib chiqilmoqda.

Milliy gvardiya maktabga qanday kelib qoldi?

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi.

“Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi? Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar [vazirligi]dan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Jo‘rayev (Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev — tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet"ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Rustam Jo‘rayevga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan birgalikda “eng og‘ir 1000 ta maktablarda davomatni yaxshilash tajribasini joriy etish” bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbga yo‘naltirish, tarbiyalash bo‘yicha ota-onalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish tizimini yaratish ustida ishlaydi.

“Tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Agar maktabning ichiga butun xalq, butun jamoat bilan kirmasak, natija bo‘lmaydi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab inspektorlari va psixologlar tarkibi Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruh tuzilgandan so‘ng Milliy gvardiya xodimlari har kuni maktablarga borib, davomat va o‘quvchilarning bilim olishiga doir masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq inspektor-psixolog o‘zi kimligi, uning vazifalari nimalardan iborat ekani haqida Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimov bilan xodimlarning mavjud vakolatlari haqida suhbatlashgandi.