O‘zbekistonliklar yana Janubiy Koreyaga mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Seulda o‘tgan uchrashuvda rahbar Behzod Musayev Koreya adliya vaziri Pak Son Je bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berdi.

2021-yilda Koreya O‘zbekiston fuqarolarini mavsumiy ishlarga qayta jalb qilishni boshlagandi, biroq borganlarning ko‘pchiligi mehnat shartnomalarini buzgan va belgilangan muddatda o‘z vataniga qaytmagan, shu sababli Koreya hukumati O‘zbekiston fuqarolarini E-viza (mavsumiy ishchilar uchun) orqali ishga qabul qilishni to‘xtatgan, deya vazirlik “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritdi.

Bandlik vazirligi muzokaralar qiyin kechganini, biroq tizim rahbari Behzod Musayev bu tartibni qayta tiklashga erishganini qayd etdi. Koreya Adliya vazirligi agar O‘zbekistondan kelgan ishchilar mehnat qonunchiligini buzmasa, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmasa va ish joyini sababsiz tark etmasa, Koreya tomoni “vatandoshlarimiz uchun har qanday turdagi eng yuqori darajadagi mehnat vizasini ochishga tayyorligini” ta’kidladi.

Yig‘ilish natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarda mehnat qilishi mumkin. “Xususan, qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar bo‘yicha ishlab, malakasini oshiradi, bu orqali ayni yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini boyitib, yurtimizga katta tajriba bilan qaytishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, professional kasb-hunarga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ham Koreyada ishlash imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda.

Aytish kerakki, ushbu yo‘nalishda, ya’ni ma’lum bir kasb-hunarga ega bo‘lgan, qo‘lida diplomi bor mutaxassislar ko‘p. Endilikda ular ham o‘z sohasidan kelib chiqib Koreyada faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Ayni yo‘nalishda Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishildi. Uchrashuvda o‘zbekistonliklarning namunali faoliyat olib borishi, Koreya davlati qonunlarini hurmat qilishi ikki davlat hamkorlik munosabatlarining yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Avvalroq vazir Behzod Musayev Koreya Avtomobilsanoat assotsiatsiyasi raisi Kvak Yong Chol bilan uchrashib, O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreya avtomobil zavodlarida ishga joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilgandi. Bugungi kunda Janubiy Koreyadagi 6800 avtomobil korxonasida 48 ming kishi mehnat qilmoqda. Biroq avtosanoatda yana yiliga 3000 nafar xodimga talab bor.

O‘shanda tomonlar avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlash istagidagi o‘zbekistonliklarni qisqa fursatlarda loyihaga qamrab olishga kelishib olgani xabar qilingandi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Janubiy Koreyadagi ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohasida 37,4 mingta ish o‘rni uchun tanlov o‘tkazilishi haqida yozgan edik. Taklif etilayotgan sohalarda oylik maosh o‘rtacha 2000−2500 ming AQSh dollarini tashkil etishi ma’lum qilingan.