Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 16 va 14 yoshli qizlar otasining doimiy jismoniy va ruhiy tazyig‘i ostida qolgani haqida xabar bergan edik. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova holat ishchi guruh tomonidan o‘rganilganini ma’lum qildi.

Mart oyida bolalar ombudsmani qizlarning onasi 2018-yilda vafot etganini xabar qilgandi. Onasining vafotidan so‘ng qizlarning otasi katta farzandiga nisbatan turli uyatsiz-buzuq harakatlar, shilqimliklar qilib, bir necha yil davomida muttasil kaltaklab kelgan, shuningdek, turli haqoratlar bilan uning sha’ni, qadr-qimmatini kamsitgan.

Ular bir necha marotaba uydan chiqib ketgani sababli buvisi N.L. nevaralari bedarak yo‘qolgani haqida bergan. Otaning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Qarshi shahri prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshlagan.

Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, ushbu vaqt davomida ishchi guruh tomonidan qizlarning qarindoshlaridan qay biri ular uchun yashash va ta’lim olishda munosib sharoitlar ta’minlay olishi masalasi har tomonlama o‘rganilgan.

Qarshi shahri hokimining tegishli qarori bilan M.Sh. va N.Sh.ga vafot etgan onasining opasi bo‘lgan Q.D. (qizlarning xolasi) vasiy etib tayinlandi.

Q.D. o‘z homiy va vasiyligidagi jiyanlarini tarbiyalash, ularning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun mas’ulligi tegishlicha yuklatildi, deyiladi xabarda.