Jurabek Laboratories farmatsevtika kompaniyasi “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilish oqibatida vafot etgan bolalarning oilalariga 75,6 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zararni qoplab berish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “Daryo” nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berdi. Ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Toshkent shahar sudlari ham tasdiqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, корхонаning ayni kundagi direktori, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan.

“Men zararli dorilar ta’siridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning og‘riqli yaralariga biroz bo‘lsada malham bo‘lishi uchun hamda o‘g‘lim Sardor Kariyevning qismatini yengillatishga erishish uchun hozirda o‘zim rahbarlik qilayotgan Jurabek Laboratories MCHJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan ma’naviy zararlarni to‘lab berishga yo‘naltirmoqchiman”, — deyiladi Munira Kariyevaning sudga bergan arizasida.

Munira Kariyeva katta miqdordagi mablag‘ni Jurabek Laboratories MCHJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berib berish imkoni yo‘qligi ta’kidlagan.

“Hozirgi kunda Jurabek Laboratories MCHJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bog‘liqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan ko‘pgina dori vositalarini mahalliylashtirib, o‘zimizda ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq jarayonda ham Jurabek Laboratories MCHJ yetakchilik qilayotgani bois sud hukmida ko‘rsatilgan ma’naviy zarar uchun to‘lanishi kerak bo‘ladigan mablag‘larni korxonaning asosiy faoliyatiga ta’sir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening ma’naviy huquqim ham yo‘q”, — deydi u h va pul to‘liq to‘lanishi uchun 3 yillik muddat so‘radi.

“Men Jurabek Laboratories MCHJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega ta’sischi sifatida bu mablag‘larni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin bo‘lgan dividend mablag‘lari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni to‘g‘ri taqsimlagan holda 3 yil muddat ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sud hukmida belgilangan ma’naviy zarar to‘lovlarini to‘liq to‘lab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa o‘g‘lim Sardor Kariyevga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipini qo‘llab, unga nisbatan tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida yengillik berilishi va uni ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman, — deydi Munira Kariyeva.

Advokat “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga tovon puli tezroq undirib berilishini so‘ramoqda

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha dastlabki instansiya qaroridan norozi bo‘lganlar apellatsiya shikoyati bo‘yicha sud bo‘lib o‘tmoqda. 2024-yil 6-may kuni davom etgan navbatdagi majlisida so‘z olgan advokatlardan biri jabrlanuvchilarga va’da qilingan tovon puli tezroq undirib berilishi kerakligini aytdi.

“Birinchi instansiya belgilab berganidek, kam sonli sudlanuvchilardan 7 million dollar miqdordagi tovon pulini tez fursatda undirish qiyin. Jabrlanuvchilarga, ayniqsa, bolasi nogiron bo‘lib qolgan ota-onalarga ayni paytda pul kerak. Farzandlarining sog‘lig‘ini tiklash uchun hozir davolatishi lozim. Shu sabab apellatsiya instansiyasi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligigami yoki Vazirlar Mahkamasigami murojaat yo‘llab, Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasini ishga jalb qilib, ulardan tovon pulini undirishi kerak”, — deydi sirop ishi bo‘yicha 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sardor Kariyevning advokatlaridan biri Temur Rahmatov.

Advokat shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq mojarolar boshlangan paytda bolalarning doridan zaharlangani rost bo‘lsa, xarajatlar vazirlik tomonidan to‘lanishini va’da berganini eslab, “unda marhamat qilib, vazirlik yoki uning tarkibidagi agentlik tovon pullarini to‘lab berib, keyinchalik sudlanuvchilardan undirib olsin”, — dedi u.

Temur Rahmatovning bildirishicha, toki apellatsiya instansiyasi yakunlanmas ekan, jabrlanuvchilarga tovon pulini undirish bo‘yicha chiqarilgan qaror ijro qilinmaydi.

“Deylik, biror bir korxonaga tegishli avtotransportda YTH sodir bo‘lsa, tovon puli dastlab o‘sha korxonada undirilib, keyinchalik korxona rahbariyati ishchilaridan undirishi kerakligi belgilangan. Mazkur vaziyatda ham jabrlanuvchilar farzandlarini davolatishi kerakligini inobatga olib, ularga ayni kunlarda tovon pulini to‘lab berish imkoniyatini ishga solish kerak”, — deydi advokat.

“Dok-1 Maks” ishini ko‘rib chiqqan dastlabki instansiya qaroriga ko‘ra, siropdan zaharlanib vafot etgan 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard so‘mdan tovon puli undirilishini belgilangan. Og‘ir tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga esa 500 million va 200 million so‘m miqdorida tovon puli undiriladigan bo‘lgandi.

26-fevral kuni sud “Dok-1 Maks” siropi ishi bo‘yicha Sardor Kariyevni 18 yilga, uning o‘rinbosarlarini 16 yilga, Hindiston fuqarosi bo‘lgan Quramax kompaniyasining sobiq direktorini 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Toshkent shahar sudi sudlanuvchilardan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” preparatlaridan zaharlangan 68 nafar halok bo‘lgan va 16 nafar jarohatlangan bolaning oilalariga 75,6 milliard so‘m ma’naviy zarar undirish haqida qaror chiqardi. Bundan tashqari, sud Quramax mansabdor shaxslarga bergan pora miqdorini davlat foydasiga undirishga qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2023-yil avgust oyidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining dori-darmonlarini, jumladan “Dok-1 Maks” yo‘talga qarshi siropini O‘zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 68 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Sudda 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ishtirok etdi.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rib chiqilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz” ning batafsil ma’lumotlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.