Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni amalga oshirish kutilmoqda. Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan mansabdor shaxslar va xodimlar ro‘yxatini belgilash, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi sababli shartnomalar haqiqiy emas deb topish, davlat organlariga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish va boshqa choralar taklif etildi.
2022 yil boshidan davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Bunda faqat 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkning kelib chiqish manbasi tasdiqlanadi. Deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda. Antikorrupsiya agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati beriladi. 2022 yil 1 yanvarga qadar «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida» qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha prezident farmoni loyihasini muhokama uchun e’lon qildi. Unga ko‘ra, korrupsion jinoyatni sodir etganlarning ochiq elektron reyestrini yuritish, ularning davlat xizmatida ishlashi va saylovlarda qatnashishini taqiqlash taklif etilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning kuchaytirilishi kutilmoqda.
«Endi tizim bundan ham qattiq bo‘ladi, mana shuni bilinglar. Qonun ustuvor — jazo muqarrar bo‘lishi kerak. Odamlar O‘zbekistonda korrupsiya yo‘qligiga ishonishi kerak. Hamma hokim xulosa qilishi kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Prezident korrupsiyaning oldini olish uchun sohalarni raqamlashtirish zarurligini qayd etdi.
2 yil davomida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi 100 ga yaqin mansabdor korrupsiyaviy jinoyatni sodir etgani uchun javobgar bo‘lgan. Andijon uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbarlari 240 mln so‘m, Namangan «Ta’mirlash tiklash xizmati» korxonasi mansabdorlari 250 mln so‘m va Surxondaryo Suv ta’minoti boshqarmasi xodimlari 540 mln so‘mni o‘zlashtirgan.
Angrenda 3 500 AQSH dollari evaziga Jismoniy tarbiya universitetiga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Shuningdek, poytaxtning Mirobod tumanida 1 500 AQSH dollar evaziga Moskva davlat universitetining filialiga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs aniqlandi.
Samarqand viloyatida fuqaroga 13 ming AQSH dollari evaziga 15 gektar yer maydonini olib bermoqchi bo‘lgan tuman soliq inspektori va fermer qo‘lga olindi.
DXX va prokuratura xodimlari Jizzax shahar moliya bo‘limi boshlig‘i, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Nurmatovni qo‘lga olishdi. U shahardagi ijtimoy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdolarini olib berish evaziga tadbirkordan 2000 dollar talab qilgani aytilmoqda.
Prezident viloyatlar hokimlariga haftada bir marta bank va soliq organlari rahbarlari bilan shaxsan suhbatlashib, ular faoliyatiga baho berishni topshirdi. Shavkat Mirziyoyev bank va soliq idoralarini iqtisodiyotimiz uchun katta to‘siq dedi. U «xalqimizga o‘zimiz xizmat ko‘rsatishni o‘rganishimiz» uchun banklarning chet ellik investorlar tomonidan xususiylashtirilishiga ruxsat bermayotganini ta’kidladi.
2020 yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 mlrd so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan. Qurilish sohasida 124 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 41 ta va ta’lim sohasida 81 ta korrupsiyaviy omillar aniqlandi. Karantin muassasalarini qurishda 367 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev «juda katta korrupsiyaga berilib ketgan» rahbarlarni oxirgi marta ogohlantirdi. Prezident Samarqand va Andijon misolida mutasaddilarni korrupsiyaga qarshi yetarlicha kurash olib borilmayotgani uchun tanqid qildi.
2020 yilda korrupsion jinoyatlarning asosiy sabablari moddiy manfaatdorlik (30%), byurokratik to‘siqlarning mavjduligi (28%) va ijtimoiy ta’minlanmaganlik yoki adolatli mehnat sharoiti yo‘qligi (12%) kabi omillar bo‘lgan.
“Davlat nima bilan qudratli? Qonun bilan. Hech kimni bunaqa qilishiga yo‘l qilmaymiz. Bu narsalar bizga saboq bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kuzatilayotgan korrupsiya holatlari haqida.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aksionerlari orasida qurilish vazirining o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan «12-trest» kompaniyasi qo‘lga kiritgan davlat xaridlarini o‘rganmoqda. Agentlik, shuningdek, Jizzax viloyati hokimining qarindoshlari bilan bog‘liq davlat xaridlari bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Qurilish vazirligida 2020 yil davomida eng ko‘p korrupsiya holatlari kuzatilgan.
Prokuratura organlariga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs so‘ralgan 30 ming dollardan 5 ming dollarini olayotganida qo‘lga olindi.
Samarqand davlat universitetida dekan o‘rinbosari 1 kurs talabasidan 500 AQSH dollari so‘ragan. Ma’lum bo‘lishicha, u talabaning oraliq nazorat ishini ijobiy hal qilib bermoqchi bo‘lgan.
2020 yilda 2 270 kishiga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq jinoiy ish ochilgan. Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan ishsizlar hamda ta’lim, tibbiyot, bank, qurilish va ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan. Korrupsion jinoyatlarning deyarli 90 foizi quyi bo‘g‘in (tuman, shaharlar) xodimlari yoki mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.
Toshkentda «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ direktori o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i 3 mln so‘m pora olayotganda ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting