Prezident farmoni loyihasida 2022 yilning 1 yanvaridan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtoqlari va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov «Gazeta.uz»ning nega ushbu protsedura yaqin qarindoshlari — ota-onalar, aka-uka va opa-singillar, kattalar farzandlari va boshqalarni qamrab olmaydi, degan savoliga javob berdi.

«Dastlab, menda ham barcha qarindoshlar, shu jumladan ota-onalar, turmush o‘rtoqlarning aka-ukalari va singillari ham bo‘lishi kerak degan fikr bor edi. Ammo ushbu protsedura to‘liq amalga oshirilgan aksariyat mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar davomida deklaratsiyani nafaqat davlat xizmatchilari, balki oddiy fuqarolar ham topshirishini aniqladik», — dedi u.

Akmal Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda faqat davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtoqlari va voyaga yetmagan farzandlarini qamrab olish rejalashtirilmoqda.

«Ular opa-singil, aka-ukalari bilan janjallashib qolgan holatlar bo‘ladi. Shunday savollar paydo bo‘lishi mumkin: «Nega men akam uchun javob berishim kerak? U davlat xizmatchisi emas. Nega mening konstitutsion huquqlarim… nega buni ochiqlashim kerak, nega men ukam uchun javob berishim kerak? Bolalarga kelsak, voyaga yetganlaridan so‘ng ular nima uchun otamiz uchun javob berishimiz kerak, deyishlari mumkin», — dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari.

Akmal Burxonov deklaratsiyalash tizimi joriy etilganidan keyin davlat xizmatchilarining ayrim qarindoshlari daromad va mol-mulklari haqidagi ma’lumotlarni shunchaki taqdim etmasligi mumkin.

«Bizda shunday holatlar bo‘lishi mumkinki, aka-uka, turmush o‘rtog‘ining ota-onasi noto‘g‘ri ma’lumotlarni berishi yoki unga hech narsani ochiqlamasligi mumkin. O‘rganishlar jarayonida davlat xizmatchisi noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritganini aniqlishimiz mumkin, javob sifatida esa u: „Nima qilishim kerak edi? Qaynanam ma’lumot bermadi, biz janjallashib qolganmiz“, — deyishi mumkin», — deya izoh berdi u.

Agentlik direktori hozircha barcha fuqarolar majburiy deklaratsiya topshirishga o‘tmaydi, aks holda hamma «tirqish» topib oladi, degan fikrda.

«Hozir ota-onasi, aka-uka, opa-singillarini kiritgan taqdirimizda ham, [davlat xizmatchilari] tirqish topadi — do‘stlari, yaqinlari va boshqalar nomiga [ko‘chmas mulkni rasmiylashtiradi]. Shuning uchun birinchi bosqichda hozircha shuni taklif qilmoqdamiz. Bunday tizim amaliyotga joriy etilganidan so‘ng zarurat tug‘ilsa, bu ro‘yxat kengaytirilishi mumkin», — dedi u.

Nima uchun davlat xizmatchilarining xarajatlari hisobga olinmaydi

2019 yil oktyabr oyida e’lon qilingan prezident farmoni loyihasida 2020 yil 1 yanvardan boshlab ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida deklaratsiya berish tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirishni boshlash taklif qilingan edi.

2020 yil may oyida e’lon qilingan «Davlat davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasida esa davlat xizmatchilarining yillik daromadlari, mol-mulki va katta xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya nazarda tutildi.

Ammo hozirgi prezident farmoni loyihasida davlat xizmatchilarining xarajatlari to‘g‘risidagi band deklaratsiya tizimiga kiritilmagan. Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, xarajatlarning kiritilishi deklaratsiyani tekshiradigan vakolatli organ (Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi) tomonidan korrupsiya omillarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

«Mol-mulk haqida gap ketganda, u ham xarajat sifatida hisoblanadi-ku. Yoki ovqatlanish xarajatlari va sovg‘a-salomlarni kiritishimiz kerakmi? Bu jarayonni murakkablashtiradi. Shuning uchun, birinchi bosqichda biz ixcham [jarayon]ni amalga oshiramiz», — dedi u.

Uning fikricha, birinchi bosqichda yil oxiridagi daromad va mol-mulk o‘rtasidagi farqni tahlil qilish katta qadam bo‘ladi.

«Biz mol-mulkni qamrab olishni kengaytirishni xohlaymiz. Ushbu kontsepsiya doirasida biz nafaqat ko‘chmas mulkni, balki avtomobillarni, shuningdek, qiymati ma’lum miqdordan oshib ketadigan obyektlarni ham ko‘rib chiqamiz. Bu ham xarajatlarga kiradi», — dedi Akmal Burxonov.

Yil boshida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qonun loyihasini ishlab chiqqani, unga muvofiq barcha darajadagi mansabdor shaxslar, jumladan, prezident va bosh vazir ham har yili daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi kerakligi haqida xabar berilgan edi.

Loyihalar (1 va 2) bilan tanishib, 8 iyulgacha izoh qoldiri mumkin.