Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor o‘tkazdi. «Gazeta.uz» muxbiri xabariga ko‘ra, davlat rahbari yig‘ilishda sohadagi korrupsiya holatlariga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Korrupsiyani oldini olish bo‘yicha menga takliflar kerak. [Takliflarni] hammasini mujassam qilib, hammani ko‘zini ochib berish kerak. Raqamlashtirishni amalga oshirmasak, korrupsiyani yo‘q qila olmaymiz. Eng katta masala — raqamlashtirish. Pullarni iqtisod qilib, odamlarni manfaatdorligi, roziligini oshiraversak, jamiyat boshqa bo‘ladi. Jamiyat o‘zgaradi, sifat, muddat va adolat», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot sohasini «korrupsiyadan holi» qilish kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Samarqand viloyatida korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etish ko‘payib bormoqda.

«Nimaga korrupsiya bo‘layapti? Nimaga yer sotayapti? Qayerga qarayapti bu noinsoflar? 1 iyuldan boshlab kim mana shunday qilsa, tuman va shahar hokimi… qonun bor unga. 50 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushayapti, moshina olishda qo‘lga tushayapti, 30 ming bilan qo‘lga tushayapti. Bu nima, Samarqandda tizim bo‘lib ketganmi? Hamma viloyatlarga tegishli», — dedi prezident.

Davlat rahbari u yoki bu davlat idorasida korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilsa, birinchi rahbar ham ishdan ketishini aytdi.

«Endi tizim bundan ham qattiq bo‘ladi, mana shuni bilinglar. Qonun ustuvor — jazo muqarrar bo‘lishi kerak. Odamlar O‘zbekistonda korrupsiya yo‘qligiga ishonishi kerak. Hamma hokim xulosa qilishi kerak. Alohida korrupsiya bo‘yicha qarorni tezlashtirish kerak, qonun ustuvor — jazo muqarrarligini ko‘rsatish kerak», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, «ular o‘g‘rilik qilishi uchun pul topib berilgani yo‘q. Balki, odamlarni og‘irini yengil qilish uchun qilinayapti». «Dehqonobodda ichimlik suvi yo‘qligi — meni armonim. Yurib, ko‘rib, 27 yil [muammoni] ko‘rmaslikka olganmiz», — dedi u.

Avvalroq, mazkur yig‘ilishda davlat rahbari 2 yil davomida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi 100 ga yaqin mansabdor korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgani haqida yozgan edik.

Bunga qadar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyiha tez fursatlarda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi. U aynan kim o‘z daromadini deklaratsiya qilishi va ayni vaqtda xususiy mulkning daxlsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilinayotganini ta’kidladi.