Tadbirkordan pora talab qilgan «Toshkent suv ta’minoti» Olmaliq shahar filiali boshlig‘i va muhandisi ushlangani aytilmoqda.

Bu Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, «Toshkent suv ta’minoti» Olmaliq shahar filiali boshlig‘i I.Sh. filialning yetakchi muhandisi F.K. bilan oldindan til biriktirib, «F.L.» MCHJ ta’sischisi E.dan savdo majmuasini qurishda sarflanayotgan suv uchun rasmiylashtirilgan bayonnomani bazaga kiritmaslik evaziga 2000 AQSh dollari pora talab qilgan.

«Shundan 1000 dollarni F.K. olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.