Senatning 20 yalpi majlisida avtomobil yo‘llari hamda sun’iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanovning so‘zlariga qaraganda, javobni muhokama qilish jarayonida mazkur so‘rovda ko‘tarilmagan boshqa dolzarb masalalar ham mavjudligi aniqlangan.

Xususan, avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar yetarli darajada moliyalashtirilmayapti. 2021 yilda 6568 kmda qismida yo‘l qoplamasini ta’mirlash ishlari talab etilgan, ushbu maqsadlar esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 2,9 trln so‘m zarur bo‘lsada, 781,8 mlrd so‘m ya’ni talabning bor-yo‘g‘i 27 foizigina mablag‘ ajratilgan.

Shu bilan birga, sohada korrupsiya bilan bog‘liq qonun buzilishlarga to‘liq barham berilmayapti.

«Ma’lumotlarga qaraganda, 2019−2020 yillar va joriy yilning birinchi yarmida transport sohasidagi korxona va tashkilotlarning 375 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan va ularning 358 nafari yoki 95 foizi korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan», — dedi senator. Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur davrda bu kabi toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha jami 24 mlrd so‘mlik budjet va boshqa mablag‘ talon-taroj qilingani aniqlangan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov.

Uning ta’kidlashicha, «avtomobil yo‘llariga mas’ul bo‘lgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi 149 nafar xodimning jinoyat sodir etganи tashvishli hol».

«Xolbuki Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan so‘nggi ikki yilda 2 mingdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan bo‘lsada, prokuratura organlariga bor yo‘g‘i 8 ta material yuborilgan», — dedi Kutbidin Burxanov.

Senatorlar Hukumatning axborotidan qoniqmaganligi sababli, 5 fevralga qadar manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb etgan holda ushbu sohadagi muammo, kamchiliklarni qo‘shimcha ravishda o‘rganish va ularni yechimi yuzasidan aniq axborot tayyorlash vazifasi yuklatildi.