100 ga yaqin uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimidagi mansabdorlar korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kungi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilishda davlat rahbari uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatish, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, qolaversa korrupsiyaviy omillar ancha yuqoriligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 2 yil davomida sohaning 100 ga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan va javobgar bo‘lgan.

Prezident Andijon uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbarlari 240 million so‘m, Namangan «Ta’mirlash tiklash xizmati» korxonasi mansabdorlari 250 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan, Surxondaryo Suv ta’minoti boshqarmasi xodimlari 540 million so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib yuborganini misol qilib ko‘rsatgan.

«Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov, uning tizimi oldida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash, sohada korrupsiyani yo‘qotish vazifalari ustuvor etib belgilanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sherzod Xidoyatov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga,ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun, ularga boshqaruv-servis kompaniyalarni jalb etish lozim.

Masalan, Yunusobodda 269 ta shirkatni (1 mingta ko‘p qavatli uy) 12 ta boshqaruv-servis kompaniyalariga biriktirish hisobiga, avariya holatlari 60 foizga, muddati o‘tgan qarzdorlik 25 foizga qisqargan, 1,4 mlrd so‘m bank krediti qaytarilgan.

Ushbu tumanda 110 ta ko‘p qavatli uy-joyga 25 ta shirkat (194 ta ishchi) qilgan ishlarni, bugungi kunda 54 ta ishchisi bo‘lgan 1 ta boshqaruv kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, boshqaruv kompaniyasi qo‘shimcha 9 ta maktab va bog‘cha hamda 50 ta tadbirkorlik subyektlarini qamrab olgan.

Shirkatlarda uy-joylarni saqlash tarifining 35 foizi ish haqiga ketgan bo‘lsa, boshqaruv kompaniyasi ishchilariga oylikni 2 baravarga oshirganda ham, bu ko‘rsatkich 7−8 foizni tashkil qilmoqda (o‘tgan yilda ish haqidan 324 million so‘m iqtisod qilgan).

Prezident Sherzod Xidoyatovga viloyat hokimlari bilan birga, ikki oy muddatda tajriba tariqasida Nukus (56 ta uy), Andijon (134 ta), Buxoro (45 ta), Jizzax (54 ta), Qarshi (54 ta), Navoiy (101 ta), Namangan (103 ta), Samarqand (47 ta), Termiz (109 ta), Guliston (85 ta), Urganch (60 ta) Farg‘ona (90 ta), Chirchiq (74 ta) va Angren (92 ta) shaharlarida boshqaruv-servis kompaniyasini aniqlab, ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni ularga berish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ushbu hududlarda 1,2 mingta ko‘p qavatli uy-joyda 50 mingta xonadon mavjud. Har bir viloyat hokimi boshqaruv kompaniyalari ishini qanday tashkil qilishi, 9 oyda va yil yakuniga qadar kutilayotgan natijalar bo‘yicha hisobot beradi.

Sherzod Xidoyatov, Jahongir Ortiqxo‘jayev, Davron Xidoyatov 1 avgustga qadar boshqaruv-servis kompaniyalari bilan ishlash bo‘yicha Yunusobod tumani va Chirchiq shahrida «namunaviy tajriba» yaratadi, tanlab olingan shahar va tuman hokimlarining qurilish va kommunal xizmat bo‘yicha o‘rinbosarlarini yangi tizimda ishlashga o‘qitadi.