Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida byudjet mablag‘lari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.

O‘rganishda, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 9,2 mlrd so‘mlik dori vositalariga muqobil tijorat takliflari mavjud bo‘lgani holda, 14 mlrd 902 million so‘mga, ya’ni 5 mlrd 643 million so‘m qimmat narxlarda xarid qilingani aniqlandi.

Bundan tashqari, 4,9 mlrd so‘mlik tender va 186,1 mln so‘mlik elektron do‘kon shaklidagi xaridlar qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish natijalariga asosan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi may-iyun oylarida 101,5 mlrd so‘m miqdoridagi 324 ta tanlovda qonun buzilish holatlari aniqlagan edi. Eng ko‘p qonunbuzarliklar mahalliy hokimliklar, XTV, SSV, OO‘MTV va MTV tomonidan sodir etilgan.