Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston prezidentining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilanadi.

Deklaratsiya qilish tizimi doirasida mol-mulkning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti faqat 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etiladi.

Deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va noto‘g‘ri ma’lumot kiritish davlat xizmatidan bo‘shatish va javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Davlat xizmatchilariga xorijda bank xisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Antikorrupsiya agentligi «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqadi va va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Unga

  • deklaratsiyani topshirish talab etiladigan shaxslar doirasi;
  • daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiya qilish tizimining har bir bosqichini joriy etish mexanizmlari;
  • deklaratsiyalarni monitoring qilish va natijalarini e’lon qilib borish tartibi kiritiladi.

Bundan tashqari, farmon loyihasida 2021−2022 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturini tasdiqlash ham kiritilgan.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida quyidagi qonunlar tayyorlanishi belgilanmoqda:

  • «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi;
  • «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida"gi;
  • «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida"gi;
  • «Uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surishni (lobbistik faoliyatni) cheklash to‘g‘risida"gi qonun loyihalari.

Ma’lumot uchun, «Davlat fuqarolik xizmati» to‘g‘risidagi qonun loyihasi oxirgi marotaba 2020 yil may oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi.

Ma’lumot uchun, daromadlarni deklaratsiya qilishni nazarda tutgan davlat xizmati haqidagi qonun 2017 yil sentyabr oyida qabul qilinishi kerak edi, lekin buning muddati bir necha marotaba surildi. So‘nggi marotaba uni 2020 yil 1 yanvardan, keyin esa 2021 yil 1 yanvardan joriy qilish haqida xabar berilgan edi. May oxirida Antikorrupsion agentlik direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy qilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berganligi haqida xabar bergan edi.

Oldinroq, ushbu farmon loyihasi bilan korrupsiyada aybdor deb topilganlarni davlat xizmatiga qabul qilmaslik va manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilgani to‘g‘risida xabar bergan edik.