Adliya vazirligi «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat bilan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

2021 yil 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlari ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu muddatga qadar korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish hamda davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish taklif etildi.

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tuzilmalar korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish uchun mas’ul bo‘ladi.

2021 yil 1 avgystdan boshlab, davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlov)larning natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etilishi mumkin.

2021 yil 1 dekabrdan boshlab har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentiligiga Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda quyidagi topshiriqlarni berish ham ko‘zda tutilgan:

  • 2021 yil 1 dekabrga qadar daromad va mol-mulk декларациялариbo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, 2022 yil davomida uni soliq, bojxona, davlat kadastri va boshqa tegishli organlar ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rish;
  • 2022 yil 1 yanvarga qadar mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi bilan elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali integratsiyalashgan «Korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimi»ni ishga tushirish.

2022 yil 1 yanvardan boshlab subsidiya va boshqa imtiyozlar berilgan subyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Ochiq byudjet» portaliga joylashtirish tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, benefitsiarlar reyestrini joriy qilish bo‘yicha takliflarning ko‘rib chiqilishi ham kutilmoqda.

Prezident qarori loyihasida qurilish va transport sohalarida ham korrupsiyani bartaraf qilish uchun boshqa choralarni ko‘rish rejalashtirilgan.

8 iyulga qadar loyiha bilan yaqindan tanishish va izohlarni qoldirish mumkin.