24 sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov turli darajadagi mansabdor shaxslar tomonidan o‘tgan yil va 2021 yilning birinchi yarmida sodir etilgan korrupsiya jinoyatlari statistikasini e’lon qildi.

2020 yilda jami 1723 ta, shundan 9 nafar respublika darajasidagi, 45 nafar viloyat darajasidagi, 1669 ta tuman va shahar darajasidagi mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan va korrupsiya oqibatida yetkazilgan 500 mlrd so‘mlik moddiy zararning 71% yoki 355 mlrd so‘mi aybdorlardan tergov davomida undirilgan.

Agentlik rahbarining ma’lum qilishicha, o‘tgan yilda aniqlangan korrupsion jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarning eng katta qismi, ya’ni 835 nafar shaxs (48,5%) JKning 167-moddasida (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar tashkil qilgan. Shuningdek, JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan 227 nafar shaxs, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bilan 207 nafar shaxs, 210-moddasi (pora olish) bilan 105 nafar shaxs, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan 58 nafar shaxs, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan 31 nafar shaxs, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan 25 nafar shaxs, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan 16 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2020 yil davomida mansabdor shaxslar faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari kesimida o‘tkazilgan tahlil davomida mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan tashkilot Xalq ta’limi vazirligi bo‘ldi — 249 nafar. Shuningdek:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi — 166 kishi;
  • bank sektori — 78;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi — 70;
  • Goskomgeodezkadastr — 53;
  • oliy va o‘rta maxsus ta’lim, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari — 31 tadan;
  • qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, hokimliklar — 18 nafardan;
  • Davlat soliq qo‘mitasi — 13;
  • Mudofaa vazirligi — 7;
  • Qurilish vazirligi, adliya organlari — 3 nafardan;
  • Adliya vazirligi — 2;
  • boshqa sohalarda — 947 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Akmal Burxonovning ma’lum qilishicha, 2020 yil davomida jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar faoliyat yuritgan hududlar kesimida tahlil qilinganida, 245 ta Toshkent viloyati, 173 ta Samarqand viloyati, 170 ta Jizzax viloyati, 130 ta Surxondaryo viloyati, 152 ta Farg‘ona viloyati, 109 ta Namangan viloyati, 100 ta Andijon viloyati, 95 ta Qashqadaryo viloyati, 85 ta Sirdaryo viloyati, 79 ta Xorazm viloyati, 78 ta Toshkent shahri, 78 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 51 ta Navoiy viloyat, 19 ta Buxoro viloyatida mansabdorlik jinoyatlari qayd etilgan.

2021 yilning 6 oyi mobaynida esa 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.

2021 yilning 6 oyi davomida aniqlangan korrupsion jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarning eng katta qismi, ya’ni 1297 nafar shaxs (51%) JKning 167-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar tashkil qilgan. Shuningdek, JKning 168-moddasi bilan 420 nafar shaxs, 210-moddasi bilan 80 nafar shaxs, 205-moddasi bilan 58 nafar shaxs, 206-moddasi bilan 4 nafar shaxs, 209-moddasi bilan 18 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2021 yil 6 oyi davomida mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan davlat organlari va tashkilotlari:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi — 107 ta;
  • Xalq ta’limi vazirligi — 74 ta;
  • davlat ulushi bo‘lgan davlat tashkilotlari — 69 ta;
  • banklar — 66 ta;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi — 64 ta;
  • Transport vazirligi — 55 ta;
  • Energetika vazirligi — 32 ta;
  • Suv xo‘jaligi va mehnat vazirliklari — 26 tadan;
  • Davlat Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi — 24 ta;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi — 23 ta;
  • Madaniyat vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi — 15 tadan;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi -14 ta;
  • Qishloq xo‘jalik vazirligi — 13 ta;
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi — 10 ta;
  • hokim o‘rinbosarlari vaMoliya vazirligi — 9 tadan;
  • Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi — 5 ta;
  • Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi — 4 ta.

Sud yakunlari bo‘yicha korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha 592,5 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, shundan 170,8 mlrd so‘mi yoki (28%) undirilib, 421,7 mlrd so‘m Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilishi belgilangan.

Akmal Burxonovning qo‘shimcha qilishicha, agentlik tomonidan O‘zbekiston milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi hamda 2020 yil — 2021 yilning 1-yarmida ochiq sud jarayonlarida ko‘rib chiqilgan 55 ta jinoyat ishlari o‘rganib chiqildi. Jinoyat ishlarini saralashda korrupsion holatlarning OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lganlik, yuqori rutbadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilganlik va zarar miqdori 1 mln AQSh dollaridan oshiq bo‘lganlik kabi mezonlar belgilab olindi. Bunday jinoyat ishlarining 15 tasi firibgarlik, 18 tasi o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish, 2 tasi poraxo‘rlik, 20 tasi boshqaruv tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlarni tashkil qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori «Sardoba suv ombori» qurilishi jarayonidagi talon-tarojlik va suiiste’molchiliklar yuzasidan o‘tkazilgan sud jarayonini misol qilib keltirdi.