Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishini o‘rganish va tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, hujjatlar bilan tanishishga haqli ekanligi belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yili korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani Oliy Majlisga taqdim etadi.

Hujjatga asosan, endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘ladi (ilgari faqat xabar bergan shaxslar nazarda tutilgan).

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2021 yilning birinchi yarmida 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya huquqbuzarliklari bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Umumiy zarar miqdori 592,5 mlrd so‘mga baholangan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yil davomida 500 mlrd so‘mni tashkil etgan edi. Eng ko‘p holatlar — SSV, XTV va bank sektorida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti doirasida ajratilayotgan pullarni adolatli ishlatilishi uchun jamoatchilik nazorati kerakligini ta’kidlagan edi. «Korrupsiya yo‘q desak yolg‘on bo‘ladi, korrupsiya ichimizda yuribdi. Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur», — degan edi u.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov korrupsiyani keskin kamaytirishda biryoqlama yondashuv, jumladan, faqat o‘lim jazosini joriy qilish yoki faqat diniy ta’limni kuchaytirish bilan ish bitmasligini ta’kidlagan. Vazirning fikricha, muammoni hal etish uchun kompleks yondashish, «agressiv kadr siyosatini yuritish kerak».