Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyevning ma’lum qilishicha, oxirgi to‘rt yarim yil ichida 9546 nafar shaxs turli ko‘rinishdagi korrupsiya jinoyatlarini sodir etgan. Bu haqda u AOKAda o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur jinoyatlar oqibatida davlat va fuqarolar manfaatlariga 3 trln 200 mlrd so‘mga yaqin ziyon yetkazilgan. Buning qariyb 90%i aybdorlardan undirilgan.

«Buning orqasidan jamiyatimiz va fuqarolarimizning aziyat chekishi, ularning sarson bo‘lishi, boshqa-boshqa firibgarlik orqasidan va jinoyatning boshqa turlari sababli ularga yetkazilgan zarar miqdorlari to‘g‘risida gap ketmayapti hozir. Shularni ham hisobga olsak, juda katta zararlarga, katta oqibatlarga olib kelyapti», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaga «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmon va қарорi qabul qilinishdan avval chet el malakalarini o‘rganish va ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish topshirig‘i qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirokchilarning 62 foizi korrupsiyaga qarshi kurashda «jinoiy javobgarlikni qat’iylashtirish eng samarali choralardan biri» degan fikrlar bildirgan.