Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston prezidentining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu loyiha korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyihani ishlab chiqishda xalqaro standartlar, shuningdek, MDH mamlakatlari, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Yaponiya kabi mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tajribasi o‘rganilganligi aytilmoqda.

Farmon loyihasiga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi belgilanib, unga kiritilgan shaxslarga nisbatan bir qator cheklovlar o‘rnatiladi.

Jumladan, reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kiritilishi;
  • ular tomonidan ta’sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi;
  • davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.

Shuningdek, loyiha bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Jumladan, korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab, bunday jinoyatlar uchun jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish, hamda jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilanadi.

Deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik va manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Barcha davlat organi va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash tizimi, shu jumladan vakant lavozimlarni e’lon qilish, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish belgilanadi.

Bundan tashqari, kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari rahbarlari va nazorat funksiyalariga ega bo‘lgan boshqa tuzilmalar rahbarlari har 3 yilda majburiy rotatsiya qilinadi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tuzilmalari faoliyati barcha vazirlik va idoralar, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlar va banklar, viloyat hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida yo‘lga qo‘yilishi belgilanadi.

Davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishning «halollik vaksinasi»ga asoslangan tizimini joriy etish ko‘zlanmoqda.

Uning doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlar rahbarlarini 3 ta guruhga bulib o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishga mo‘ljallangan anti-corruption.academy elektron o‘quv platformasi ishga tushiriladi.