O‘zbekiston prezidenti va bo‘lg‘usi saylovda mazkur lavozimga nomzod Shavkat Mirziyoyev 27 sentabr kuni Namanganda saylovchilar bilan uchrashuvda budjet mablag‘lari adolat bilan taqsimlanishi haqida fikr bildirdi.

«Xalqning pulini adolatli taqsimlash, maqsadli va manzilli ishlatishni tashkil etishimiz zarur. Ochig‘ini aytish kerak, hali bizda o‘g‘rilik ko‘p. Korrupsiya ko‘p», — dedi u (iqtibos «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanalidan olindi).

U Toshkent mahallalarida ko‘chalarning asfaltlanishi bilan bog‘liq vaziyatni misol qilib keltirdi.

«Mana men bugun Toshkentda kichik yig‘ilish qilib keldim. Toshkent mahallalarini asfalt qilish bo‘yicha topshiriq bergandim. Yo‘llarga katta qilib yarim metrli bordyur qilyapti. Baraka topgur, mashinalar poyga o‘ynaydimi, buncha katta qilib, bordyur qilib nima qilasan? Odamlarga avval yo‘l qurib beraylik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent markazidagi mahallalardan biridagi bordyurlar.

Bahorda prezident mahallardan biriga tashrif buyurib, Toshkentdagi barcha mahallarni (ular soni 500 tadan ortadi) obodonlashtirish, ularning har biriga holatidan kelib chiqqan holda, o‘rtacha 2 mlrd so‘mdan ajratishni topshirgan edi.

«Gazeta.uz» avvalroq aholi bu masalada nimalarga duch kelayotgani haqida yozgan edi. Xususan, yashil hududlarning vayron qilinishi, hovlilarning avtoturargohlarga aylanishi, bir vaqtlar yashil maysazor va o‘yin maydoncha bo‘lgan joylarning betonlanishi, shuningdek har joyda — ko‘pincha ma’nosiz — baland qizil-kulrang bordyurlar o‘rnatilgani tilga olindi. Bu ishlar ko‘p hollarda aholi bilan maslahatlashmasdan va ularning zarurroq narsalarga pul ajratish haqidagi iltimoslarini inobatga olmasdan amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan so‘ng Toshkentda bordyurlar o‘rnatishga qancha mablag‘ sarflangani, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi noma’lum.

Namangandagi uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev kelgusi yillarda hududni «korrupsiyadan xoli qilish» bo‘yicha Namangan viloyati barchaga namuna bo‘lishi uchun alohida dastur qabul qilish taklifini ilgari surdi.

«budjet ajratmalarini ochiq-oshkora sarflash orqali iqtisod qilingan mablag‘lar ehtiyojmand oilalar, „ayollar“ va „yoshlar“ daftarlariga kirganlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.