Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida mamlakatda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan kurash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, 2020 yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

«Fuqarolar, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan barcha muammolar e’tibor qaratishni talab etadi. Ularni inkor qilish mumkin ham emas. Albatta, jamiyatdagi qonun buzilishi, adolatsizlik, inson huquqlariga bepisand munosabat, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga beparvo qarab bo‘lmaydi. Tizimli tus olgan yoki juz’iy muammo bo‘ladimi, ularning barchasiga darhol munosabat bildirib, tagiga yetish va hal etish zarur», — dedi prezident.

Davlat rahbarining qayd etishiga ko‘ra, korrupsionerlar tomonidan yetkazilgan zarar 500 mlrd so‘mni tashkil etgan. 2021 yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilib, yetkazilgan zarar 450 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

«Hech shubhasiz, bu moddiy zararlar aybdorlardan undirib olinadi. Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo‘q qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qat’iy davom ettiriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev may oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida korrupsiyaning oldini olish uchun sohalarni raqamlashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.