O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulistonda hokim o‘rinbosari fuqaroni kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olish uchun ro‘yxatga qo‘yib, buning evaziga 400 dollar pora olayotgan paytida qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 aprel kuni Fuqaro M.K. huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Unda aytilishicha, viloyat hududiy «Chorvanasl» markazi Guliston tumani yetakchi mutaxassisi M.X. unga tumandagi «Yulduz» massivida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon olishi uchun ro‘yxatga qo‘yishini aytib, evaziga 400 AQSh dollari so‘ragan.

M.X. bu ishni tuman hokimining o‘rinbosari B.S. orqali qilishini aytgan. M.X. so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sirdaryo Xabarlar ma’lumotlariga ko‘ra, sud mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, sobiq tuman hokimi o‘rinbosari va ish bo‘yicha boshqa shaxslarga nisbatan hukm o‘qidi.

Nashrning qayd etishicha, B.Salimetovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (firibgarlik xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda BHMning 300 baravari miqdorida — 73,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Tuman hokimligining yetakchi mutaxassisi M.Xolbekovga 168-moddasi 2-qismi «b» bandi (firibgarlik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib), 28,211-moddasi 1-qismi bilan (pora berishda ishtirok etish) 2 yil muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.