Qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali korrupsionerlarga jinoiy jazoni o‘tashda yengillik berilmaydi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, korrupsionerlar jinoiy jazoni o‘tayotgan vaqtda ular muddatidan oldin ozodlikka chiqarilmaydi, tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirilmaydi.

«Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident фармонида Bosh prokuratura, Oliy sud, DXX, IIV hamda Adliya vazirli bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarning nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshirig‘i qo‘yilgan:

  • Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;
  • korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
  • daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
  • korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash.

Avvalroq, oxirgi to‘rt yarim yil ichida korrupsion jinoyatlar sababli 3,2 trln so‘m zarar yetkazilganligi haqida xabar berilgan edi.