Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yangi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Farmon loyihasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Farmon loyihasida aytilishicha, qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini obyektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi hamda bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik va ularni oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganlik o‘rnatilgan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Farmon imzolansa, mansabdor shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvi deb hisoblanadigan harakatlari belgilanib, ularni amalga oshirish qat’iyan taqiqlanadi. Masalan, mansabdor shaxslarga tijorat tashkilotlarining muassisi bo‘lish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, davlat organining ishlarida uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surish va boshqalar taqiqlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati beriladi.

Loyihada 2022 yil 1 yanvarga qadar «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida"gi qonun, shuningdek, davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni o‘rnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan.

Davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi bilan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalining ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash orqali manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq xavflarni aniqlash imkonini beruvchi elektron tizim joriy qilinadi.

Farmon loyihasida Antikorrupsiya agentligi davlat xaridlari bo‘yicha e’lon qilib boriladigan har oylik ma’lumotlarni batafsil o‘rganib, manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiya alomatlari mavjudligi bo‘yicha xulosani veb-saytlarda e’lon qilib borishi ko‘zlanmoqda.

Davlat xaridlari amalga oshiriladigan maxsus axborot portalida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarni oldini olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, tizim quyidagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi:

  • qatnashchining davlat xaridlaridagi ishtiroki tarixi (mahsulot, xizmat yetkazib beruvchining ilgari ishtirok etgan tanlovlari, bajargan ishlari);
  • qatnashchining benefitsiarlari haqidagi ma’lumotlar;
  • buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqliklar (qarindoshlik, birga ta’lim olganlik, mehnat faoliyati yoki biznes aloqalari va boshqalar haqidagi ma’lumotlar).

Avtomatlashtirilgan tizim orqali manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan hollarda avtomatik ravishda davlat xaridi jarayonida bitimga da’vogarning ishtirokini cheklash yuzasidan takliflar tayyorlanadi.

Oldinroq, ushbu farmon loyihasi bilan korrupsiyada aybdor deb topilganlarni davlat xizmatiga qabul qilmaslik va davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiyasini 2022 yildan ochiqlash taklif etilgani to‘g‘risida xabar bergan edik.