Poytaxtda 5 dekabr kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metrodan foydalandi (bu odatiy kundan 105 ming (21%) nafarga ko‘p). Metropoliten xodimlari yo‘lovchi ko‘pligi sabab, fuqarolardan qoidalarga amal qilishni va kassalarda navbat kutib qolmaslik uchun bank yoki transport kartalardan foydalanishni so‘radi.
IIO xodimlari 3 nafar — biri Navoiyda ko‘p qavatli uyning dahlizida uxlayotgan, ikki nafari Toshkentdagi yer osti quvuri yonida isinayotgan boshpanasizga yordam berdi. IIV shaxsiy tarkibni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazdi. Aholi qiyin va xavfli vaziyatlarda 102, 1102 va 1173 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi.
5 dekabr kuni respublikada koronavirus yuqtirganlar soni biroz kamayib, 120 kishini tashkil etdi. (Bir kun oldin 153 kishida aniqlangan.)
Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini otib qo‘ydi. U mashinasida koma holatida topilgan va tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Xodim 1xbet orqali 45 mln so‘m yutqazib qo‘ygani uchun jazolangan va viloyat IIB qoshidagi intizomiy Kengashning nazoratida bo‘lgan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston pasport nazoratini osonlashtirishga kelishib oldi. Endilikda ikki davlat fuqarolari ID-kartani ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishi mumkin. Tegishli bayonnoma O‘zbekiston prezidentining 9 dekabr kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanadi.
Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 ta xonadondan iborat bo‘lgan uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Uydan 9 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi, biroq 2 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyatining Jondor tumanida er-xotin hamda ularning 2, 7 va 11 yoshli farzandlari yong‘in natijasida vujudga kelgan is gazidan zaharlanib vafot etdi.
Veolia Energy Tashkent poytaxtning ayrim tumanlarida tabiiy gaz yetishmasligi sababli qozonxonalarda zaruriy haroratdagi issiqlikni ishlab chiqara olmayotgani, bu esa isitish sifatining yomonlashishiga olib kelayotganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda gazsiz qolgan 14 ming iste’molchi, qorli Toshkent, yil boshidan buyon eksport qilingan 4 mlrd kubometr gaz, Chinozda is gazidan vafot etgan oila, talabalar uchun 15 kunlik qishki ta’til, Nukus voqealari tafsilotlari, sovuq ob-havo va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
FFV qutqaruvchilari Toshkent viloyatidagi Xo‘jakent tog‘larida 1700 metr balandlikda ahvoli yomonlashib qolgan sayyohga yordam ko‘rsatdi.
10 oy davomida O‘zbekiston 841 mln dollarga 4 mlrd kubometr gaz eksport qildi. Bu mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning deyarli o‘ndan bir qismidir. Gazning deyarli butun hajmi Xitoyga yuboriladi, ammo ikki mamlakat statistikasi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.
29-noyabr kuni Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi kafelarning birida mast holatda bo‘lgan ikki kishi o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Oqibatda ulardan biri oradan bir kun o‘tib olgan tan jarohati sabab vafot etdi. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda 2019 yilda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun «himoya orderi» instituti joriy etildi. Ekspertlar uning afzalliklarini e’tirof etsa-da, amalda u haqiqiy himoyachiga aylanolmaganini ta’kidlamoqda. Sabablari ko‘p, ulardan biri — zo‘ravonga nisbatan jazoning yengilligidir, deydi ular.
O‘zgidromet 6−8 dekabr kunlari yog‘ingarchilik hamda o‘zgaruvchan ob-havo sababli respublikaning 6 ta viloyatidagi tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi borligini e’lon qildi.
IIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov “Gazeta.uz"ga hududlarda ruxsat etilgan harakatlanish tezligini pasaytirish masalasi dekabr oyida uzil-kesil hal bo‘lishini ma’lum qildi. Mamlakatning barcha hududlarida tezlikni pasaytirish bo‘yicha kengashlar qarorlari Respublika komissiyasiga taqdim etildi.
4 dekabrda havo haroratining keskin pasayishi va qor yog‘ishi ortidan 14 ming iste’molchi gazsiz qoldi, 516 ta mahallada esa gaz bosimining pasayishi kuzatildi. «Hududgazta’minot» aholini gazdan oqilona foydalanishni, uydan chiqayotganda isitish moslamalari haroratini pasaytirishni iltimos qildi.
Toshkent viloyati Chinoz tumanida er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i is gazidan vafot etdi. Xonadon bir kun avval qarzdorlik sabab gazdan uzilgan, biroq uy egasi o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib olgan. Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Endilikda Toshkent shahri aholisi maxsus veb-sayt orqali geografik obyektlarni nomlash va ularni o‘zgartirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishi mumkin. Hozirda sayt yer usti metro liniyasidagi bekatlarga nom berish bo‘yicha takliflarni yig‘moqda.
Dushanba kuni Nukus voqealari bo‘yicha sud o‘z ishini davom ettirmoqda. Oliy sud xabariga ko‘ra, sud ishining 6-kunida 1−2 iyuldagi voqealar oqibatida jabrlanganlar, qolaversa, fuqaroviy da’vogarlar so‘roq qilinmoqda.
Samarqand aeroportida dushanba kuni soat 13:00 ga qadar ob-havoning yomonlashuvi munosabati bilan havo kemalarini qabul qilish va qo‘yib yuborishga cheklov joriy etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting