O‘zbekiston poytaxtining issiqlik ta’minoti tizimini boshqaruvchi Veolia Energy Tashkent kompaniyasi kuzatilayotgan tabiiy gaz taqchilligi tufayli shaharning ayrim hududlaridagi qozonxonalar zaruriy haroratda issiqlik ishlab chiqara olmayotganini ma’lum qildi. Bu, o‘z navbatida, isitish sifatining yomonlashishiga olib kelmoqda.

Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, issiqlik energiyasi «Toshissiqlikmarkaz», «Toshkent IES» (90%) va Veolia Energy Tashkent (10%) mahalliy qozonxonalarida tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqariladi. (10%).

«Issiqlik parametrlari Veolia Energy Tashkent`ning harorat jadvaliga muvofiq o‘rnatiladi, undan keyin esa ishlab chiqarilgan jami issiqlik energiyasini kompaniya iste’molchilarga yetkazadi. Shu tariqa, shahar issiqlik ta’minoti korxonalariga bosimi pasaytirilgan gaz yetkazilib, o‘rnatilgan parametrlar to‘liq ta’minlanmayapti», — deyiladi xabarda.

Veolia Energy Tashkent vaziyatni yaxshilash uchun kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda: mutaxassislar muammoli hududlarni aniqlash uchun joylarga bormoqda va issiqlik ta’minoti korxonalari bilan birgalikda issiqlik energiyasini qayta taqsimlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirmoqda.

Avvalroq Toshkent hokimligi mavjud gaz zaxiralarini barcha iste’molchilar o‘rtasida teng taqsimlashga harakat qilayotgani, biroq yoqilg‘i yetarli emasligi haqida xabar bergan edi. Shu sababli, jamoat transportidan tashqari barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatini to‘xtatishga qaror qilindi.