«Hududgazta’minot» matbuot xizmati tabiiy gazdan oqilona foydalanish bo‘yicha fuqarolarga iltimos bilan chiqdi.

Havo haroratining keskin pasayishi va qor yog‘ishi munosabati bilan tabiiy gaz iste’moli sezilarli darajada oshmoqda. 4 dekabrda mamlakat aholisiga (3,9 milliondan ortiq iste’molchiga) 68 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. (2021 yil 4 dekabrda — 55,8 mln kub metr, ya’ni joriy yil 21% ga ko‘proq yetkazib berildi).

Shunga qaramay 516 ta mahallada yoki 79 ming iste’molchida gaz bosimining pasayishi kuzatildi, 14 ming iste’molchida esa gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

«Aholi va ijtimoiy soha obyektlarni „zangori“ yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida „Hududgazta’minot“ tomonidan 10 mingdan ortiq soha xodimlari jalb qilinib, ular mahallalar kesimida muammolarni hal qilish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solmoqdalar. Xususan, „Binokor“ va „Bektemir“ gaz taqsimlash stansiyalarida chiqish bosimini oshirish ishlari olib borilmoqda va bu poytaxtning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod va Sergeli tumanlarida tabiiy gaz bosimining yaxshilanishiga imkon beradi»? — deyiladi xabarda.

«O‘ztransgaz» mutaxassislari bilan birgalikda Yangiyo‘l tumani aholisining gaz bilan ta’minlanishini yaxshilash masalalari hal etilmoqda, jumladan «Yangiyo‘l» mahallasi Zafarobod ko‘chasi bo‘ylab joylashgan 30 ta xonadonda bu masala hal etildi, «Chamanzor» mahallasida esa bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Poytaxtdagi AGQKSHning ish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi, jamoat va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega transportlarga yoqilg‘i quyish ishlari tunda ham amalga oshirilmoqda. Cheklovlar aholi va ijtimoiy soha obyektlaridan tashqari boshqa iste’molchilarga qo‘yiladi.

«Fursatdan foydalanib, barcha iste’molchilarni „zangori“ yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida „Hududgazta’minot“ hurmatli fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlarini va birinchi navbatda zarur bo‘lgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirishni iltimos qiladi», — deyiladi bayonotda.

Barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar 1104 call-markazi va 104 dispetcherlik xizmati raqamlari, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ochiq guruhi orqali qabul qilinadi.