Toshkent viloyati Chinoz tumanida er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i is gazidan vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 4 dekabr kuni soat 07:00 larda Chinoz tumani, «Xo‘ja» mahalla fuqarolar yig‘ini Istiqlol ko‘chasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan Yo.B.(erkak), 2002 yilda tug‘ilgan U.S. va 2022 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Ya.S. yashash xonadonining yotoq xonasida uxlayotgan vaqtida is gazdan zaharlanib vafot etgan.

Xabarga ko‘ra, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, «Chinoztumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining 2022 yildagi 5701−08/586-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra, 3 dekabr kuni ushbu xonadon foydalanilgan tabiiy gazdan 7 500 000 so‘m debitor qarzdorligi mavjudligi sababli gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz tarmog‘idan payvandlash yo‘li orqali uzilgan.

Iste’molchi debitor qarzdorligi bo‘lishiga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib, tabiiy gazdan foydalanib kelganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhumlarda tashqi ko‘rik vaqtida tan jarohatlari aniqlanmaganini, ularning o‘limiga yonib ulgurmagan is gazdan zaharlanish oqibatida o‘tkir yurak qon tomir va o‘pka-nafas yetishmovchiligi natijasida sodir bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu paytga qadar rasmiy manbalarda e’lon qilingan holatlar bo‘yicha respublika bo‘ylab 12 kishi is gazidan vafot etgandi. Xususan, Namanganda qaynona, kelin va nabira, Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi hamda Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi, Farg‘onada er-xotin is gazidan halok bo‘lgandi.