O‘zbekistonning barcha hududlarida transport vositalari harakatini kamaytirish bo‘yicha takliflar Respublika komissiyasiga taqdim etildi. Yakuniy qaror tez kunlarda qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda 3 dekabr kuni “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov ma’lum qildi.

“Davlat rahbari tomonidan 11 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shahar markazlarida aynan transport vositalari gavjum joylarda tezlikni 60 km/soatga pasaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lgandi. Bu topshiriqni ijrosini ta’minlash maqsadida, avvalambor, keng jamoatchilik bilan maslahatlashgan holda hamda transport vositalari oqimini, piyodalarni shu yo‘lda harakatlanish jadalligini o‘rganish zaruriyati tug‘ildi. Shu maqsadda, faqat YHXX o‘zi bu ko‘chalarni taklif qilibdi, degan tushuncha bo‘lmasligi uchun jamoatchilik bilan maslahatlashishga to‘g‘ri keldi”, — dedi Olim Saidov.

Uning ta’kidlashicha, har bir viloyat markazi, transport vositalar soni, yo‘llarning sig‘imi, avtomobil va piyodalarni harakatlanish darajasi o‘rganilgan. Bu masala har bir viloyat Xalq deputatlari kengashida muhokamaga qo‘yilgan.

“Barcha viloyat kengashlari tomonidan tasdiqlangan qarorlar Respublika maxsus komissiyasiga taqdim qilindi, barcha ma’lumotlar yig‘ildi hamda komissiya kun tartibiga qo‘yildi. [Komissiyaning] navbatdagi yig‘ilishida butun respublikada viloyatlar kesimida aynan qaysi ko‘chalarda tezlik kamaytirilishi bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Qaror tasdiqlangan kunning o‘zida kuchga kiradi”, — dedi YHXX boshlig‘i.

Olim Saidovning qo‘shimcha qilishicha, belgilangan joylarda tezlikni cheklash masalasi dekabr oyida uzil-kesil hal bo‘ladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 77-sessiyasida Samarqand viloyatining ma’lum hududlarida tezlikni cheklash masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Zarnews. Bu haqda tegishli hisobotni viloyat IIB YHXB boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov o‘qib eshittirdi.

“Samarqand shahrining M-37A Samarqand halqa yo‘lining 40−43 kilometrlari oraliq qismida 3 yil davomida sodir etilgan YTHlar soni 29 tani tashkil etgan, shundan 6 tasi o‘lim, 23 tasi tan jarohati bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Afrosiyob ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan M-37A avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismi uzunligi 1,7 km, kengligi 17 metrni tashkil etib, 8 ta asosiy yo‘l bilan tutashmalar mavjud. Bu yo‘lda oxirgi 3 yil davomida 7 ta YTH sodir etilgan. Shundan 2 tasi o‘lim, 5 tasi tan jarohati bilan bog‘liq”, — dedi u.

Shuningdek, Dahbed ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan Registon ko‘chasigacha bo‘lgan qismining uzunligi 2,8 km, kengligi 15 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 24 ta YTH sodir etilgan. Shundan 4 tasi o‘lim, 20 tasi tan jarohati bilan bog‘liq.

Gagarin ko‘chasining Go‘ro‘g‘li ko‘chasidan O‘zbekiston ko‘chasigacha bo‘lgan qismi uzunligi 5,3 km, kengligi 30 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 13 ta YTH sodir etilgan.

Shulardan kelib chiqib, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahridagi M-37A Samarqand halqa yo‘lining 40−43-kilometrlar oraliq qismida, Afrosiyob, Dahbed va Gagarin ko‘chalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 km etib belgilash taklif etilmoqda.

Bundan avval Toshkent va Andijonda ham ayrim ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 km/soatgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida ilk bor yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va bog‘chalar oldida transport tezligi 30 km/soatdan oshmasligini aytgandi. Shuningdek, u Toshkent markazida transport tezligi 50−60 km/soat dan oshmasligi, umuman, respublikaning aholi gavjum hududlaridagi gavjum ko‘chalarda tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish kerakligini ta’kidlagandi.

Bu bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilgan. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hisoblanadi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlangan. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.