Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Nurobod tumanidagi kafelardan birining oldida 10 kishi bir kishini urib o‘ldirgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 29-noyabr kuni soat tungi 01:30 larda Nurobod tumanida “Navro‘z” MFY hududidagi “Toj” nomli kafe yonida oldindan o‘zaro tanish bo‘lgan M. X. va X. Sh. lar mast holatda o‘zaro tortishib qolishi natijasida X. Sh. M. X.ni urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, olgan tan jarohati oqibatida fuqaro M. X. bir kun o‘tib — 30 noyabr kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

“Shundan so‘ng, jinoyat ishi 104-modda 3-qismi bilan qayta malakalangan. Ayni damda jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi yurituviga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.