Yakshanba, 4 dekabr kuni 3 nafar fuqaro Xo‘jakent qishlog‘i hududida joylashgan tog‘larga chiqish maqsadida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga borishgan. Biroq dengiz sathidan 1700 metr balandlikni bosib o‘tganlarida, bir sayohatchi to‘satdan o‘zini yomon his qildi, deya xabar berdi FVV matbuot xizmati.

O‘zlari pastga tusha olmay, Toshkent viloyati FVBdan amaliy yordam so‘ragan.

Qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan va sayohatchilarni pastga tushirishgan. Ularning ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli kasalxonaga yotqizilmagan.