O‘zbekistonda 2019 yilning 2 sentabrida «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unda himoya orderiga shunday ta’rif beriladi: «Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan hujjat».

Himoya orderini taqdim etish vakolati hukumat qarori bilan ichki ishlar organlariga berilgan. Qonunchilik talabiga ko‘ra, order zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki shunday xavf ostida qolgan xotin-qizlarga holat aniqlangan vaqtdan boshlab 24 soat ichida berilishi kerak va u 30 kungacha amal qiladi. Hujjatning amal qilish muddati jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra ko‘pi bilan 30 kungacha uzaytirilishi mumkin (prezident mart oyidagi chiqishida bu muddat bir yilgacha uzaytirilishini e’lon qilgan edi; Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, himoya orderi sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun allaqachon hukumatga kiritilgan).

Himoya orderi berilgach, xususan, jabrlanuvchining zo‘ravon bilan aloqasi taqiqlanadi, order amalda bo‘lgan vaqtda ularning bir xonada bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, zo‘ravon shaxs zimmasiga (jabrlanuvchilarni davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi) majburiyatlarni yuklaydi, uning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi.

Zo‘ravon ushbu taqiqlarni buzgudek bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir baravari (28 noyabr holatiga — 300 ming so‘m)dan uch baravari (900 ming so‘m)gacha bo‘lgan summadagi jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi bilan javobgarlikka tortilishi mumkin. Takroriy zo‘ravonlik, shuningdek, taqiq va cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan.

Ma’lumot uchun: Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-oktabr oylarida 41 596 nafar ayolga himoya orderi berilib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatilgan. Himoya orderi rasmiylashtirilgan shaxslarning muammolarini hal etish natijasida 20 753 ta oila yarashtirilgan, 17 884 ta nizolar bartaraf qilingan. 5 179 ta holatda zo‘ravon ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Hukumatning 2020 yilgi qarori bilan nafaqat tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi, balki tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi tartibi ham tasdiqlangan. Tuzatish dasturi odatda mahalla faollarining zo‘ravon bilan olib boradigan profilaktik suhbatlarini nazarda tutadi.

Bu — qog‘ozdagi gaplar. Aslida esa…

Himoyaga muhtoj order

O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Qahhorov himoya orderini murojaat tushgani zahoti rasmiylashtirish kerak emas, deb hisoblaydi. Chunki «eri yoki qaynonasi bir og‘iz qattiq gapirib qo‘ygani uchun ham order olgan ayollar bor». Uning fikricha, oilaviy nizolarni «oila ichiga kirib», chuqur o‘rganib, «vaziyat va muhit jiddiy bo‘lsagina», himoya orderi berish kerak.

«Emotsiyaga berilgan holda ichki ishlarga murojaat qilib, order olgach, bir necha kundan so‘ng xato ish qilib qo‘yganini, oilasi bilan yashash istagi borligini aytayotgan ayollar ko‘pchilikni tashkil qilyapti», — deydi Qahhorov. Ayni vaqtda, u himoya orderi lozim darajada ish bermayotganini ham tan oladi. Masalan, himoya orderi berilgach, «er-xotinga qo‘yiladigan bir qancha cheklovlar»ga amal qilinishi nazoratga olinmayapti, deydi u.

Amaldagi tartibga ko‘ra, nazorat mahalla profilaktika inspektori (boshqacha aytganda — orderni bergan ichki ishlar organlari)ning zimmasiga yuklatilgan, ammo u buni monitoring qilib borishga jismonan ulgurmaydi. Nazorat bo‘lmagach, ustiga «himoya orderi» deb yozilgan bir parcha qog‘oz, gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Kamola Aliyeva ta’kidlaganidek, jabrdiydani zo‘ravonning zug‘umidan ham himoya qila olmaydi.

Kamola Aliyeva. Kadr: YouTube / Yuzma-Yuz

«Afsuski, himoya orderi ayollarni bugun to‘la himoya qilyapti, deya olmayman. Chunki, amaliyotda ko‘ryapmizki, zo‘ravon er order talablariga rioya qilmay, xotini bilan bir xonada yashayapti yoki ayol takroran zo‘ravonlikka uchrayapti. Bu boradagi mexanizm to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan», — deydi u. Aliyeva himoya orderi olgan ayolning zo‘ravon eri bilan birga yashashga qo‘yib qo‘yilishining o‘zini mantiqsizlik deb hisoblaydi.

«Ichki ishlar xodimi himoya orderini berib, xonadondan chiqib ketgach, er „Sen meni sharmanda qilding“, deya orderni yirtib, xotinini urish holatlari ham uchramoqda», — deydi Kamola Aliyeva. Oilada surunkali nizo va zo‘ravonlik holatlari bo‘lsagina jabrdiyda ayolni order bilan himoyaga olish kerak deb hisoblaydigan Qashqadaryo viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi rahbari Kommuna Ismoilova ham Aliyevaning fikrlarini tasdiqlaydi.

«Himoya orderining yo‘lga qo‘yilishi bir tomondan juda yaxshi. Chunki, masalan, ichkilikka ruju qo‘ygan erkaklar, biroz bo‘lsa-da, hayiqadi, order talablarini buzmaslikka harakat qiladi. Lekin ba’zida teskarisi ham kuzatilyapti. Aniqrog‘i, himoya orderi ayollarni himoya qilolmagan holatlar ham bo‘lmoqda. Afsuski, ba’zi erkaklar „Bu narsani olib, nima qilolding?“, deya xotinini urmoqda», — deydi Ismoilova.

«Nemolchi.uz» loyihasining o‘zbek tilidagi talqini («Sukut saqlama») muharriri Nigora Adizova esa qat’iy qilib «himoya orderi olgan xotin-qizlar deyarli hech qanday himoyaga ega bo‘lmaydi», deb hisoblaydi. Uning fikricha, «order amalda xotin-qizlarni emas, balki zo‘ravonlarni himoya qilishga xizmat qilmoqda» va shu sababli ham «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni «Uy zo‘ravonlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun deb qayta nomlash kerak.

«Zo‘ravonlar order olgan ayollarning oldiga kelish, ularga aloqaga chiqishda davom etaveradi, ya’ni bosim o‘tkazishni to‘xtatmaydi. To‘g‘ri, qo‘l ko‘tarmay turishi mumkin. Biroq bizga murojaat qilganlar orasida, ayni himoya orderi muddati tugashini kutib, uning ertasiga yana kaltaklashda davom etilgan holatlar ko‘p», — deydi Adizova.

U bir misol ham keltirdi: «Uy zo‘ravonligiga uchragan Fotima aynan shunday muammoga duch keldi. Unga yengil tan jarohatlari yetkazgani uchun eri sudlandi va 600 ming so‘m jarimaga tortildi — qonunchilik bo‘yicha zo‘ravonga beriladigan bor-yo‘q jazo shu. Na avval berilgan himoya orderi, na erning xuddi shu modda bo‘yicha muqaddam jazoga tortilgani, na uchastka noziriga qilingan qo‘ng‘iroqlar qonun uchun bir tiyinlik ahamiyatga ega».

«Himoya orderi ko‘pincha sudgacha yetib bormaydi, ya’ni jarima zo‘ravon uchun yagona jazo bo‘ladi. Er xotinini kaltaklaydi, ichki ishlar organlari unga yordamga kelib, himoya orderini beradi. Ammo uning talablari tajovuzkor tomonidan osonlikcha buzilaveradi. Oila tajovuzkor er va otadan qutulmaydi, balki oilaviy budjetdan jarima uchun pul sarflangani qoladi, xolos. Ma’muriy jazoga tortilgan zo‘ravon uyga qaytgach, yanada g‘azablanadi va jazosizligiga ishonchi ortadi. Hammasi avvalgidek davom etadi», — deydi Adizova.

«Zo‘ravonning jazosi odam o‘ldirgannikidan qattiqroq bo‘lishi kerak»

900 ming so‘mlik jarima yoki 15 sutkalik ma’muriy qamoq — ayni vaqtda himoya orderi bo‘yicha talablarni buzgan zo‘ravonga nisbatan qo‘llanilishi mumkin eng og‘ir jazo. «Bu degani, zo‘ravonlik holati qayta takrorlanishi ham jarima bilan jazolanadi. Jinoiy javobgarlik esa yo‘q. Bu eng katta kamchilik, deb hisoblayman. Jarima muammoga yechim bo‘lolmaydi, zo‘ravonni qo‘rqitolmaydi. Jarima ham o‘sha oila budjetidan to‘lanadi, buning og‘irligi nafaqat zo‘ravon, balki ayol va farzandlarga ham tushadi», — deya tushuntiradi Kamola Aliyeva.

Nigora Adizova. Arxiv surati

Nigora Adizova ham tizimli zo‘ravonlik uchun birgina jarima jazosi qo‘llanilishini noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Boisi bu holatda odamlar ongida «oiladagi zo‘ravonlik jinoyat emas, balki xarajatdir», degan fikr shakllanadi. U yana yuqoridagi Fotima keysiga qaytadi: o‘shanda u, xarchand ko‘ndirishmasin, himoya orderini olmay, erining ustidan ariza yozganida edi, turmush o‘rtog‘i unga yetkazgan jarohatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lardi.

«Sukut saqlama» muharririning ta’kidlashicha, uy zo‘ravonligi bir martalik holat emas, balki tajovuzkorga qaram bo‘lgan odamni muntazam ravishda tahqirlashdir va u og‘ir jinoyat.

Adizovaning ta’kidlashicha, oiladagi zo‘ravonlik natijasida sog‘likka yetkazilgan har qanday zarar Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish), 103 (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 104 (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 105 (qasdan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 109 (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) kabi moddalarida nazarda tutilganidan ko‘ra qattiqroq choralar bilan jazolanishi kerak. «Nemolchi.uz loyihasi UNICEF bilan hamkorlikda Jinoyat kodeksiga „Oilada zo‘ravonlik“ moddasini kiritish tashabbusini bildirib, senator Shuhrat Cho‘lliyev raisligidagi tegishli ishchi guruhiga takliflarni yo‘naltirgan», — deya ma’lum qildi u.

Qashqadaryo viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi rahbari Kommuna Ismoilova ham himoya orderi talablari bajarilishi uchun, masalan, «ashaddiy zo‘ravonlarni bir necha oyga qamash»ni taklif qildi. «Shundagina ular o‘zgaradi, qonun va talablarga amal qiladigan bo‘ladi, deb o‘ylayman», — dedi u.

Darvoqe, jarima va ma’muriy qamoqdan tashqari, zo‘ravonlar maxsus tuzatish dasturidan o‘tishi ham belgilangan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Bahodir Qahhorovning ta’kidlashicha, bu dastur amalda zo‘ravonni bir xonaga olib kirib, unga ikki-uch soat nasihat o‘qishga aylanib qolgan. «U bilan to‘rt-besh kunlab yakka suhbatlashib, psixologiyasini, qarashini o‘zgartirish zarur. Afsus, biz bu borada hali ishlar olib borganimiz yo‘q. Tuzatish dasturi haqida qonunchilikda juda yaxshi yozilgan, ammo buni amaliyotga tatbiq etadigan mutaxassislarimiz yetishmaydi», — deya tan oladi u.

Kamola Aliyeva ham «tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayolni himoyaga olib, reablitatsiya qilish bilan ovora» bo‘lib qolingani, aslida «oddiy profilaktik suhbat» bilan qutilib ketayotgan zo‘ravonlar bilan jiddiy shug‘ullanish kerakligini ta’kidlaydi.

«Ko‘plab davlatlarda jabrlangan ayolni emas, zo‘ravon erni uydan chiqarib, uni jamoat ishlariga jalb etish amaliyoti mavjud. Zo‘ravon xatosini anglab afsuslangach, ekspertlar xulosa yozib beradi va uyiga qaytadi. Hozir bizda ayol uyidan chiqarilib, reablitatsiya markaziga joylashtiriladi yoki ota uyiga olib boriladi. U yerda halovatini yo‘qotgan ayol arizasini qaytarib olishi, zo‘ravon eri bilan yarashishi va yashab ketish holatlari kuzatilmoqda. Taklif sifatida aytmoqchimanki, O‘zbekistonda ham zo‘ravonni uydan chiqarib, jamoat ishlariga jalb qilish yoki ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etish kerak», — deydi u.

Jazoni og‘irlashtirib, zo‘ravon bilan jiddiy shug‘ullanilmas ekan, zo‘ravonlik holatlari takrorlanaveradi, deya qo‘shimcha qildi Kamola Aliyeva.