Uzbekistan Airports matbuot xizmati kuchli qor tufayli Samarqand aeroporti faoliyati vaqtincha cheklanganini ma’lum qildi.

Dushanba kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 04:20 dan ob-havo sharoiti yomonlashgani sababli Samarqand xalqaro aeroportida havo kemalarini qabul qilish va jo‘natish vaqtinchalik cheklov joriy etildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rinish 1000 metrgacha, qor, havo harorati -5 darajani tashkil etgan.

Shu sababli, «Aeroflot»ning Moskva — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha SU-1874 reysi va Istanbul — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha «Turk havo yo‘llari»ning TK-372 reysi Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘naltirildi.

Fly Dubai aviakompaniyasining reysi ob-havo yomonlashgunga qadar — mahalliy vaqt bilan 03:07 da Samarqand aeroportiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq samolyotning yetib kelishi kechikganligi sababli Samarqanddan uchish vaqti soat 16:15 ga kechiktirildi.

«Hozirda aeroportning yerda xizmat ko‘rsatish xodimlari barcha zarur choralarni ko‘rmoqda — bir necha soat davomida uchish-qo‘nish yo‘lagi va yurish yo‘laklarini maxsus texnika va kimyoviy vositalar yordamida tozalash ishlari olib borilmoqda. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklovlarni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 gacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.