Buxoro viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 1−2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ochiq sud jarayonida ko‘rib chiqish davom ettirilmoqda.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabariga ko‘ra, dushanba, sudning 6-kunida jabrlanuvchilar va fuqaroviy da’vogarlar so‘roq qilinmoqda. So‘roq tafsilotlari hozircha ochiqlangani yo‘q.

Mazkur suratdagi shaxs Ziyatdin Ziyaov bo‘lib, u iyul voqealari vaqtida Nukus IIBB rahbari bo‘lgan. U shuningdek, bir vaqtlar hokim sifatida ham faoliyat yuritgan. U sudda jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, Nukus voqealari yuzasidan sud majlisidan onlayn translyatsiya muzokaralar jarayoniga qadar to‘xtatilgani haqida xabar qilgandik.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan muhokamalarda prokuror guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari so‘roq qilinmagan guvohlarning ko‘rsatmalariga ta’sirining oldini olish maqsadida sudyaga O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 432-moddasiga muvofiq jonli efirni to‘xtatishni so‘rab murojaat qildi. Raislik qiluvchi sudya Yelubay Abibullayev prokurorning iltimosini qanoatlantirdi.

Oliy sud «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, onlayn translyatsiya muzokaralar jarayoniga qadar to‘xtatiladi.

Sud jarayonining ilk kunlaridagi jonli efir videolarini tahririyatning YouTube`dagi kanalida ko‘rishingiz mumkin.

Bundan tashqari, sudning ilk 5 kuni davomida tayyorlangan materiallar bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin: