Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston 841 mln dollarga 4,07 mlrd kubometr gaz eksport qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga kam. O‘shanda yetkazib berish hajmi 621 mln dollarga teng 4,94 mlrd kubometr gazni tashkil etgan edi.

Eksportning pasayishiga qaramay, u qiymat jihatidan 35,4% ga o‘sdi. Xususan, o‘tgan yili O‘zbekistonda 1 kubometr gaz o‘rtacha 13 sentga sotilgan bo‘lsa, bu yil 21 sentga (+61,5%) sotilgan. Taqqoslash uchun: 2019 yil avgust oyidan beri o‘zgarmagan aholi uchun gaz narxi 380 so‘m (3,5 sent), korxonalar uchun — 660 so‘m (5,9 sent).

oktabr oyida yetkazib berish deyarli ikki baravar kamaydi — 778 mlndan 393 mln kubometrgacha. Gazning deyarli butun hajmi Xitoyga yuboriladi, ammo ikki mamlakat statistikasi bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Xususan, O‘zbekiston oktabr oyida gaz eksporti atigi 91 mln dollarni tashkil etganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Xitoy tomoni O‘zbekiston gazini 148,5 mln dollarga import qilgani haqida xabar bermoqda.

Issiqlik elektr stansiyalarida gaz taqchilligi tufayli elektr uzilishi fonida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev 16 noyabr kuni O‘zbekiston ichki ehtiyojlarni qondirish uchun gaz va elektr energiyasi eksportini deyarli butunlay to‘xtatganini aytdi. «Raqamlarga kelsak, agar kunlik prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10 mln kub metr gaz eksporti rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgi eksport hajmi 1 mln kub metrga ham yetmaydi», — dedi energetika vaziri o‘rinbosari.

Davlat statistika qo‘mitasi hali noyabr oyi uchun ma’lumotlarni e’lon qilmadi, ammo Qirg‘izistonning O‘sh shahri vitse-meri Sonunbek Junusbayev 25 noyabr kuni «Kloop»ga O‘zbekistondan hech qanday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qildi.

«Hech qanday cheklovlar yo‘q. Eng tig‘iz soatlarda gaz bosimi biroz pasayishi mumkin, ammo biz [bunday holatlarda] O‘zbekiston bilan gaplashamiz va bosimni oshiramiz», — dedi u.

Qirg‘iziston rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-sentabr oylarida 25,3 mln kubometr gazni 3,8 mln dollardan yoki har ming kubometr gazni 150 dollardan yetkazib bergan.

Gaz qazib olish va uning yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekistonda 43,77 mlrd kubometr gaz qazib olindi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 452,7 mln kubometrga kam demakdir, zero bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 44,24 mlrd kubometrga teng edi. Shunday qilib, agar o‘tgan yili mamlakat ishlab chiqarilgan gaz umumiy hajmining 11 foizini eksport qilgan bo‘lsa, 2022 yilda — deyarli 9,3% bo‘ldi.

Toshkent hokimligi poytaxtning bir qator tumanlarida sovuq ob-havo tufayli gaz ta’minotida uzilishlar yuz berayotgani haqida xabar berdi. «Resurslar yetishmayapti», deya ma’lum qildi shahar ma’muriyati. Shu munosabat bilan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari jamoat transportidan tashqari barcha transport vositalari uchun vaqtincha yopildi.

Gaz quyish stansiyalari yopilsa, ko‘plab mikroavtobus hamda taksilar xizmatidan foydalanishda qiynalishi aholi uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bundan tashqari, ko‘plab haydovchilar o‘z mashinalarini uyda qoldirishdi. Natijada jamoat transportiga talab oshdi, ammo avtobuslar hammani ham sig‘dira olmadi. 5 dekabr soat 12:00 holatiga shaharda jami 900 ga yaqin avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mahalliy sanoatni rivojlantirish uchun gaz eksport qilmasligini ma’lum qilgandi.