Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning buyrug‘iga asosan Ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Buyruq noqulay ob-havo sharoitini inobatga olgan holda, «fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash, hayoti va sog‘lig‘i hamda mulkini himoyalash, shuningdek, qiyin vaziyatlarda ko‘mak ko‘rsatish maqsadida» qabul qilingan.


Fuqarolar va mamlakat mehmonlari biron xavfli vaziyatlar yuz berganda ichki ishlar organlariga 102, 1102 va 1173 qisqa raqamlari orqali murojaat qilishi so‘raladi.

IIV xabar qilishicha, PPX xodimlari uch nafar yashash xonadoniga ega bo‘lmagan (daydi)larni aniqlab sovuqdan muzlab qolmasliklari uchun IIB Yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirgan. Ulardan biri Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uyning kiraverishida uxlab qolgan holatda topilgan.


Toshkentda esa PPX xodimlari yer osti quvuri yonida isinayotgan ikki erkakni topdi. Ular ham reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.