5 dekabr kuni Buxoro viloyatining Jondor tumanida besh kishilik oila yong‘in natijasida vujudga kelgan is gazidan zaharlanib halok bo‘ldi. Mazkur ma’lumotni viloyat prokuraturasi ham tasdiqladi.

Fojia Oxshix qishlog‘idagi uylardan birida sodir bo‘lgan. Soat 15:25 atrofida oila boshlig‘i, 36 yoshli N. V., uning turmush o‘rtog‘i 34 yoshli N. T. hamda ularning 2, 7 va 11 yoshli farzandlarining jasadlari aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (yong‘in xavfsizligi qoidalarining shu qoidalar bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.