Prezident farmoni bilan aliment to‘lovchining qarzi va jarimalari aliment to‘lovlari to‘liq qoplangandan so‘ng undirilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga alimentdan qarzi mavjud shaxslarga avtomobil boshqarish, ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish va uylanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi yuklatildi.
2021 yilda O‘zbekiston Rossiyaga gaz yetkazib berishni bir necha oyga tikladi. Eksport hajmi 76,6 mln dollarni tashkil etdi. Bu yil Rossiya bozoriga zangori olov yetkazib berilmadi.
O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahri hokimlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, qolaversa, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tayinlandi. Ularning barchasi xotin-qizlardan iborat.
Poytaxtning Chilonzor tumani IIB tergovchisi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga chora ko‘rmaslik evaziga 5000 dollar talab qilib, shundan 1000 dollarni olganida ushlandi. Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori esa huquqbuzarlikni rasmiylashtirmaslik evaziga 500 dollarni olganida qo‘lga tushgani ma’lum qilindi. Ular hibsga olinib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
DXX Toshkent viloyatida 9,1 kg «opiy» ni 54 ming dollarga sotgan shaxslarni qo‘lga olgani aytilmoqda. Ular narkotikni xaridorga berib, undan olgan pullarini tojikistonlik narkosavdogarga yetkazishi kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida Qozog‘iston va Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Moldova hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini Ruminiya poytaxti Buxarest orqali evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Ukrainadan vatanga qaytarilganlar soni esa 5282 nafarga (+245) yetdi.
Chorshanba kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida koronavirusni yuqtirib olish holatlari aniqlanmadi. Kun davomida Toshkent shahri, Surxondaryo, Andijon va Navoiyda jami 14 kishining PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi.
O‘zbekistonda Interpol tomonidan Yevropa mamlakatlarida o‘ta yirik hajmdagi o‘g‘riliklarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanib qidirilayotgan erkak qo‘lga olindi.
2024 yilgacha barcha davlat organlari va muassasalarida rahbarning kamida bitta o‘rinbosari ayol kishi bo‘ladi. Bu prezident farmonida nazarda tutilgan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga «Ukraina va Afg‘oniston xalqlariga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami» uchun minnatdorchilik bildirdi. Abdulaziz Komilov bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va C5+1 formatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Moliya vazirligi departament direktori Otabek Fazilkarimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi fuqarodan 60 sotix yer maydonini olib berish evaziga 5,5 mln so‘m so‘ragani xabar qilindi. U pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Janubiy Koreyada muxolifatdagi Fuqarolik kuchlari partiyasidan nomzod, sobiq bosh prokuror Yun Sok Yol mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.
1 maydan O‘zbekistonda «Avtomobil tarixi» davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi. U avtomobilning agregat ma’lumotlari, bosib o‘tgan masofasi, YTH sodir etilganligi, taqiq bor-yo‘qligi va boshqa axborotlarni o‘z ichiga oladi. Xizmat narxi BHMning 10 foizini tashkil etadi.
Ukrainaning urush ketayotgan hududlaridan evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklar, plastik kartalardan pul o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi, avtomobil oldi-sotdisini notarial rasmiylashtirganlik uchun davlat boji kamaytirilishi, Olimpiya shaharchasi loyihasi, yashin urgan 3 nafar qashqadaryolik va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 9 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qashqadaryoda «Sho‘rtangazkimyo» MCHJning Tashqi suv ta’minoti nasos stansiyasi xodimi 6 tup sog‘lom, 4 tup sanitar holatini yo‘qotgan qayrag‘och daraxtini tag qismidan kesib tashlagani aniqlandi. Buning oqibatida u tabiatga 32,4 mln zarar yetkazgani aytilmoqda. Unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, hujjatlar sudga yuborildi.
Qashqadaryoning qator tumanlarida kuchli shamol binolarning tomini uchirib, simyog‘ochlarning qulashiga sabab bo‘ldi. Uch kishi jarohatlandi. Avvalroq, viloyatning Dehqonobod tumanida 3 kishini yashin urgani, ulardan birining vafot etgani xabar qilingan edi.
Hukumat qarori bilan Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi lavozimiga Avazjon Karimov tayinlandi.
Fitch agentligi Rossiyaning suveren kredit reytingini “B” dan “C” gacha, ya’ni “defolt bo‘lishi muqarrar” darajasiga qadar pasaytirdi. Kompaniya reytingni 27 mayda qayta ko‘rib chiqishni mo‘ljallagan edi, biroq mamlakatdagi hodisalar sababli rejadan chetga chiqishga qaror qilindi. Morgan Stanley tahlilchilari Rossiyada aprel o‘rtalaridayoq defolt boshlanishini kutishmoqda.
Qonunchilik palatasi deputatlari bir qator davlat boji miqdorlarini kamaytirishga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, hujjatda barcha avtomobillarning oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini yagona — 810 ming so‘m, «gendovernost» uchun esa — 540 ming so‘m etib belgilash nazarda tutilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting