Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Hujjat bilan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun bir qator davlat boji miqdorlarining stavkalarini optimallashtirish ko‘zda tutilyapti.

Avvalroq, «Gazeta.uz» xabar berganidek, loyihaga muvofiq, transport vositasi dvigateli quvvatining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’iy nazar, uning oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlash narxi BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanmoqda. Amalda esa BHMning 2 barobaridan 10 baravarigacha (540 ming so‘mdan — 2,7 mln so‘mgacha) miqdorda belgilangan.

Ta’kidlanishicha, taklif etilayotgan ushbu o‘zgarish natijasida endilikda bitta avtomobil oldi-sotdisini notarial tasdiqlash xarajatlari o‘rtacha 1 mln so‘m atrofida kamayishiga erishiladi. Narxi qimmat avtomobillarda esa bundan ham ko‘proq tejab qolinadi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda bir yil davomida o‘rtacha 400 mingdan oshiq ikkilamchi avtomobil oldi-sotdilari amalga oshirilishini hisobga olsak, bu qonun loyihasini kuchga kirishi bilan yiliga davlat boji to‘lovlaridan tejalgan 400 mlrd so‘m atrofida mablag‘ fuqarolarimiz yonida qolishini anglatadi», — deb yozmoqda Doniyor G‘aniyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, begona shaxsga avtotransport vositasini tassarruf etish huquqi bilan notarial ishonchnoma berish (xalq tilida «gendovernost») boji ham — BHMning 2 barobari (540 ming so‘m) etib kamaytiriladi.