Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etilgani munosabati bilan O‘zbekistondagi barcha hududlar rahbarlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqda hududlar ma’muriyati matbuot xizmatlari xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kenges prezidiumi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga Axmedova Maryam Xalilayevna tayinlandi.


U bunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Andijon viloyati

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Abdullayeva Gulnoraxon Ma’rifjonovna tayinlandi.

U bunga qadar Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Gulnoraxon Abdullayeva 1967 yilda Izboskan tumanida tavallud topgan. 1989 yilda Toshkent davlat universiteti (kunduzgi), 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1989 yilda Andijon paxtachilik institutida o‘qituvchilikdan boshlagan. 1990−1992 yillarda Andijon viloyat ijroiya komiteti ijtimoiy, madaniy muassasalar bo‘limining 1-toifali mutaxassisi, 1992−1995 yillarda Andijon viloyat hokimligining 1-toifali mutaxassisi, 1995−2000 yillarda Izboskan tumani hokimligi xususiylashtirish bo‘limi mutaxassisi, bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan.

2000−2006 yillarda Andijon viloyat hokimligining yetakchi mutaxassisi, 2006−2007 Madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining Andijon viloyatidagi vakili, tarmoq raislari Kengashining raisi, 2010−2013 yillarda Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari Birlashmasi raisining o‘rinbosari, 2013−2020 yillarda O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining viloyatdagi mas’ul tashkilotchisi vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

Buxoro viloyati

Viloyat hokimining qarori bilan viloyat hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Ibragimova Firuza Baxodirxonovna tayinlandi.


U bunga qadar viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Firuza Ibragimova 1970 yil 24 noyabrda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxoro davlat pedagogika institutini tugatgan.

U 1993 — 2015 yillarda Buxoro davlat tibbiyot institutida ishlagan. 2015−2018 yillarda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitalari a’zosi sifatida, 2018−2020 yillarda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Jizzax viloyati

Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Muxtorova Nazira Abdusattorovna tayinlandi.

U bunga qadar 2020 yilning fevral oyidan buyon Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari- mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Karamova Komila Zaydullayevna tayinlandi.

U bunga qadar viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Navoiy viloyati

Navoiy viloyati hokimining qarori bilan viloyat hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Mamadiyarova Malika Tadjiyevna tayinlandi.

U bunga qadar Navoiy viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Namangan viloyati

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Yakubova Dinora Isakovna tayinlandi.


U bunga qadar Namangan viloyati Ishga marhamat mono markazi direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Dinora Isakovna 1970 yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 1994 yilda Namangan davlat universitetini tamomlagan.

Dinora Yakubova mehnat faoliyatini 1987 yilda Kosonsoy tumanida bog‘cha tarbiyachiligidan boshlagan. 1990−1997 yillarda xalq ta’limi tizimida o‘qituvchi, 2004−2006 Kosonsoy yengil sanoat kasb-hunar kolleji uslubchi, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2012−2017 yillarda Namangan muhandislik texnologiya instituti qoshidagi 2-son akademik litseyi direktori, 2017−2020 yillarda Kosonsoy tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i, 2020−2021 yillarda Kosonsoy tumani hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, 2020−2021 yillarda Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Samarqand viloyati

Samarqand viloyati hokimining tegishli qarori bilan Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Raxmanova Zebiniso Pulatovna tayinlandi.

Surxondaryo viloyati

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lovozimiga Xidirova Zulxumor Abdirashidovna tayinlandi.

U 1968 yilda Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1992 yilda hozirgi Termiz davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — filolog, ona til va adabiyoti.

Mehnat faoliyatini 1985 yilda Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Yulduzcha» bolalar bog‘chasi tarbiyachisi vazifasidan boshlagan.

1992−2006 yillarda tumandagi 7-umumta’lim maktabi, 2006−2015 yillarda 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, 2015−2017 yillarda 1-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari, 2017−2020 yilarda tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2020−2021 yillarda tuman hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2021 yildan Surxondaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Sirdaryo viloyati

Viloyat hokimining qarori bilan viloyat hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Tojibayeva Nargiza Keldibekovna tayinlandi.


U bunga qadar viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Farg‘ona viloyati

Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Kavlanova Kamila Anvarovna tayinlandi.


U bunga qadar Toshloq tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi.

Kamila Kavlanova 1962 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. 1983 yilda Toshkent davlat madaniyat institutini tamomlagan.

Kamila Kavlanova 1983−1996 yillarda Toshloq tumani madaniyat bo‘limida turli lavozimlarda mehnat qilgan. 1996−2010 yillarda tuman hokimligining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi bo‘lib faoliyat olib borgan.

2010−2020 yillarda esa Toshloq tuman hokimining o‘rinbosari-xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2019−2020 yillarda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Farg‘ona viloyati boshqarmasi rahbari, 2020 yilda Farg‘ona viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2020−2022 yillarda Toshloq tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, tuman hokimining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

Xorazm viloyati

Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Kurbanbayeva Gulsara Axmedovna tayinlandi.

U bunga qadar viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Toshkent viloyati

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Mirgaziyeva Zuhra To‘rayevna tayinlandi.


U bunga qadar Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Zuhra Mirgaziyeva 1978 yilda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2001 yilda Toshkent Davlat Pedagogika universitetini tamomlagan. Faoliyatini 1996 yil 76-maktabda o‘qituvchi vazifasidan boshlagan.

Zuhra Mirgaziyeva 2009 yildan 2020 yilga qadar Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Toshkent shahri

Nodira Umarova shahar hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga Umarova Nodira Nigmatullayevna tayinlandi.


Nodira Umarova 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika instituti va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi (hozirgi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi)ni tamomlagan.

2018 yildan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi monomarkaz direktori bo‘lib ishlagan.