Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Avazjon Karimov Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda Sportni rivojlantirish vazirligi.

Bunga qadar u yaqinda ikkiga ajratilgan turizm va sport vazirligi rahbariga o‘rinbosarlik qilgan, 3 fevraldan esa mazkur lavozimdan ham ozod qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur qaror bilan sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi maqomi mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirning o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Avazjon Karimov (1983 y. t.) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2006 yilda O‘zbekiston karate federatsiyasi raisi o‘rinbosari sifatida boshlagan. 2007−2011 yillarda federatsiyaning Toshkent shahar bo‘limiga rahbarlik qilgan, 2011 yildan Badminton federatsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

2014−2015 yillarda qishki va murakkab texnik sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori o‘rinbosari, so‘ngra ot sporti bo‘yicha ROSMMga rahbarlik qilgan.

2017−2019 yillarda Chirchiq ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati direktori lavozimida ishlagan. 2019 yil sentabr oyidan boshlab Respublika olimpiya zaxiralari kollejini boshqargan. Undan so‘ng, 2020 yilning 12 oktabrida Avazjon Karimov jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Avvalroq, prezident qarori bilan Abdullo Aslonov, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailov sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Turizm va sport vazirligi ikkiga bo‘linib, Turizm va madaniy meros hamda Sportni rivojlantirish vazirliklari tashkil etilgandi. Sportni rivojlantirish vazirligiga Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov rahbar etib tayinlandi.

Bungacha 2021 yilning aprel oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil qilingan edi.