Prezident 7 mart kuni «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha qarzi, jarimalari va ijro harakatlari aliment to‘lovlari to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi.

Aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvga e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat OAVlarida e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga 3 oy muddatda aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasi yuklatildi.

Qonunda aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda u to‘liq bartaraf etilguniga qadar qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash, qolaversa, qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik nazarda tutiladi. Shuningdek, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash kutilmoqda.

Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda «Aliment to‘lovlari» davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni 3 oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda «Aliment to‘lovlari» davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi. Keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda «Aliment to‘lovlari» davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur o‘zgarishlar haqida 1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgandi. O‘shanda davlat rahbari 172 ming nafar ota o‘z farzandi uchun aliment to‘lamagani, bugungi kunda jami 115 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligini tanqid qilgandi.

Aliment to‘lamaganligi sababli transport vositasini haydashga cheklovlar o‘rnatilishi bo‘yicha yangiliklar esa ilk bor 2021 yilning oktabr oyi oxirlarida xabar qilingandi. O‘shanda ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish orqali boshqarish huquqi cheklangan fuqarolarning reyestrini shakllantirish va qarzdor tomonidan transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilgandi.